Rajab O‘zturk: Pandemiyaning 2021 yilda ham davom etish ehtimoli juda katta

Koronavirusni davolashda hamkorlik uchun yurtimizga bir guruh turkiyalik mutaxassislar taklif etilgan edi.

Ana shu mehmonlardan biri - Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy Kengashi a’zosi, professor Rajab O‘zturk yurtimizda pandemiyaga qarshi olib borilayotgan ishlar borasidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi:

– O‘zbekistondagi koronavirus kasalligiga qarshi ko‘rilayotgan kurash tadbirlari bilan yaqindan tanishib, ishlar jahon tajribasi asosida olib borilayotganiga ishonch hosil qildik, – dedi Rajab O‘zturk. – Biz mamlakatingizdagi «O‘zekspormarkaz»da ham bo‘lib, bu yerda bemorlarga ko‘rsatilayotgan tezkor yordamga guvoh bo‘ldik. Bunday markazlar mamlakat bo‘ylab ochilishi haqidagi xabarlar bizni xursand qildi.

Joylarga borib oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalar, tez tibbiy yordam xizmatlari ishini ko‘rdik. Zangiota tumanidagi zamonaviy, 4 ming bemorni qabul qilishga mo‘ljallangan shifoxona imkoniyatlari bilan ham yaqindan tanishdik. Bu turdagi shifoxonalar yurtingiz bo‘ylab tashkil etilayotgani haqida bizga ma’lum qilishdi. Bunday kasalxonalarni qurish hozir juda ham muhim. Sababi, pandemiya 2021 yilda ham davom etish ehtimoli juda katta.

Ehtimoliy xatarlar, epidemiyalarga qarshi kurashda bu ayni muddao bo‘ladi. Shifoxonalarda COVID-19 bilan kasallangan bemorlar uchun maxsus bo‘linmalarning tashkil etilishi juda yaxshi. E’tiborli jihati shuki, bu yerda COVID-19ga chalingan odamlar toifalarga ajratilgan. Ularda boshqa shikoyatlar ham bo‘lishi mumkin. Ya’ni, tug‘ruqdan tortib oshqozon-ichak kasalliklari, yurak va boshqa bemorlar uchun alohida joylar qilingani bizga ma’qul bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, Turkiyada karantin choralari va davolash strategiyasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bois bemorlarning 91 foizi tuzalgan. Ayni vaqtda bu ijobiy ko‘rsatkich hisoblanadi.