Rustam Xolmurodovga Boyazid Yildirim universiteti faxriy professori unvoni berildi
Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov boshchiligidagi delegatsiya “O‘zbekistonning o‘tmishi va buguni” mavzuidagi xalqaro simpoziumda ishtirok etish uchun Anqara shahrida bo‘lib turibdi.
Anjuman doirasida Samarqand va Anqara universitetlari hamkorligini yanada mastahkamlash masalalari muhokama qilindi. Jumladan, o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini keng yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdi.
Turkiy davlatlar tashkilotining Istanbulda bo‘lib o‘tgan sakkizinchi sammitida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan fan-ta’lim sohasini rivojlantirish, 2022 yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilish haqidagi takliflari ta’lim sohasi va yosh kadrlar tayyorlash mexanizmini ishlab chiqishga yangi sur’at bag‘ishlashi qayd etildi.
Samarqandda uzoq yillar faoliyat yuritgan buyuk alloma Ali Qushchining Mirzo Ulug‘bek vafotidan so‘ng Turkiya oliy ta’limi rivojiga hissa qo‘shgani qardosh xalqlarimizning ta’lim sohasidagi aloqalari juda qadimga borib taqalishidan dalolat ekani ta’kidlandi.
Tadbirda Rustam Xolmurodovga Boyazid Yildirim universiteti faxriy professori unvoni topshirildi.
O‘zbek-turk olimlari Anqarada barpo etilayotgan “O‘zbekiston xiyoboni”ga ko‘chat o‘tqazdilar.
Farrux HAMROYeV,
SamDU axborot xizmati rahbari.