Sa’diyning “Guliston”, Firdavsiyning “Shohnoma” kabi asarlari nusxalari ko‘chirilgan Boysunqur Mirzo kutubxonasi qayerda?

Bugun yurtimizda Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan oldingi Renessans jarayoni Sharqda XIV-XVI asrlarda sodir bo‘lib, u Temuriylar Renessansi nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Amir Temur va temuriylarning Sharq va dunyo ilm-fani, san’ati hamda madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, Sohibqironning temuriylar uyg‘onish davrining tamal toshini qo‘ygani haqida yurtimiz va xorijlik olimlar ko‘p va xo‘b yozgan.

Ammo temuriy shahzodalar orasida yana bir shaxs borki, uning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida kam yoritilgan. Vaholanki, bu shahzodaning ilm-fan oldidagi xizmatlari beqiyos. Rus sharqshunosi O.Akimushkin uning ilm-fan borasidagi xizmatlari Mirzo Ulug‘bekning xizmatidan kam emasligini alohida ta’kidlagan. Bu tarixiy shaxs 1397 yilda

Mirzo Shohrux va malika Gavharshodbegim oilasida dunyoga kelgan G‘iyosiddin Boysunqur Mirzodir. 

Sohibqiron joriy qilgan an’anaga ko‘ra, Boysunqur Samarqandda tug‘ilgan, katta enasi Bibixonim qo‘lida tarbiyalangan. So‘ngra unga Otabek tayinlanib, Boysunqur uning yordami bilan merosxo‘r shahzoda bilishi lozim bo‘lgan qilichbozlik, ot chopish, o‘qish, yozishni o‘rgangan. Tabiatan o‘ta qobiliyatli bo‘lgan Boysunqur poeziyaning nozik sirlarini o‘zlashtirgan, musiqa asboblarini mahorat bilan chalgan.

Ayniqsa, u xattotlikda shuhrat qozongan, arab yozuvining muxakam, suls, nasx, tauqi, rika va rayhon usullarida nafis yozuvlar bitgan. Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, Boysunqur Mirzo turkiy va forsiy tillarda g‘azallar bitgan.

Sharqshunos O.Akimushkin Boysunqur Mirzo haqida yozgan maqolasida, bu shahzodaning kamtarligi va adolatparvarligini ko‘rsatuvchi tarixiy voqeani keltirgan. Olimning yozishicha, Boysunqur o‘ziga Shohiy degan taxallus tanlagan. O‘sha vaqtda Hirotda yashagan Amir Oq Malik Sabzavoriy degan shoir ham Shohiy taxallusi bilan g‘azallar yozgan. Shoir bir g‘azal yozib, Boysunqur Mirzoga jo‘natgan. G‘azalda Shohiy taxallusini birinchi bo‘lib u tanlaganini, Boysunqur esa uni keyin o‘zlashtirganini nozik tarzda bayon qilgan. G‘azalni o‘qigan Boysunqur uyalib, bu taxallusdan voz kechgan ekan. O‘z mavqei jihatidan bu taxallusga loyiq bo‘lgan Boysunqur undan Oq Malik Sabzavoriy foydasiga voz kechgani uning kamtarin va adolatparvarligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, uch aka-uka Mirzo Ulug‘bek, Ibrohim Sulton va Boysunqur Mirzolar o‘rtasida doimiy ravishda maktub yozishmalari bo‘lgan, bu yozishmalarda ular ilm-fan, san’at va madaniyatga oid o‘z fikrlarini o‘zaro baham ko‘rganlar.      Boysunqur Mirzo poeziyani yuksak qadrlagan. U ayniqsa, Amir Xusrav Dehlaviy ijodini sevib o‘rgangan va yuksak baholagan. Boysunqur Mirzo Xusrav Dehlaviy g‘azallarini jamlab “Devon” tuzgan. Bu shahzodaning sa’y-harakati bilan Hirotda o‘ziga xos shoirlar davrasi tuzilgan va unga o‘sha davrning mashhur shoirlari yig‘ilgan. Boysunqur Mirzoning mashhur fors shoiri Abulqosim Firdavsiy ijodini abadiylashtirish va kelgusi avlodlarga yetkazish borasida qilgan xizmatlari barcha olimlar tomonidan tan olingan. O.Akimushkinning yozishicha, Boysunqur Mirzoning kutubxonasida Firdavsiy “Shohnoma”sining bir necha qo‘lyozmalari mavjud bo‘lgan. Bu qo‘lyozmalar bilan tanishib chiqqan amirzoda ularning o‘rtasida anchagina farq borligini anglagan. Shundan so‘ng u barcha qo‘lyozmalarni taqqoslab chiqib, ular asosida yagona nusxa tayyorlash haqida ko‘rsatma bergan. Shu tariqa Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma”sining “Boysunqur tahriri” paydo bo‘lgan va aynan ushbu tahrir bizning kunlarimizgacha yetib kelgan. Ushbu qo‘lyozma hozirda Tehron shahridagi Saltanat kutubxonasida saqlanmoqda.

Boysunqur Mirzo Hirotda o‘z kutubxonasini ham tashkil etadi. Bu kutubxona ko‘pchilik tasavvuridagi kitoblar saqlanadigan va odamlar kitob qiroat qiladigan joydan tubdan farq qilgan. Boysunqur Mirzo tashkil qilgan bu kutubxona o‘sha davrning o‘ziga xos nashriyoti va bosmaxonasi ham edi. Bu kutubxonada eng mohir xattotlar, naqqoshlar, musavvirlar, mujallid (muqovasoz)lar kitobdor rahbarligida mehnat qilgan. Shuningdek, ushbu kutubxonada zargarlar, duradgorlar va kandakorlar ham mehnat qilgan.

Ularning har biri qo‘lyozma asarlarni chinakam san’at asari darajasiga yetishida o‘z hissasini qo‘shgan.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, ushbu kutubxonada qirqdan oshiq ijodkorlar, hunarmandlar mehnat qilgan, bu o‘sha davr uchun juda katta tashkilot edi. Bu kutubxona tarixi bilan shug‘ullangan, shved diplomati F.Martin uni “Boysunqur Akademiyasi” deb atagan edi. Bu atama tezda jahon olimlari tomonidan tan olindi. Tarixiy manbalarda bu kutubxonada mehnat qilgan ijodkorlarning nomi saqlanib qolgan.    Boysunqur kutubxonasida Mavlono Shams, Mavlono Qutb, Mavlono Said ad-Din, Mavlono Muhammad Mutahhar kabi mashhur xattotlar, Amir Xoliq va Xo‘ja G‘iyosiddin Naqqosh kabi musavvirlar, qo‘lyozmalarga badiiy ishlov beruvchi Mavlono Ali, Mavlono Shahob, Mahmud, Xoja Atay, Sayfiddin kabi naqqosh, muzahhib, jadvalkashlar mehnat qilgan. Kutubxonada ko‘chirilgan kitoblar ro‘yxatiga nazar soladigan bo‘lsak, ularning orasida Sa’diyning “Guliston”, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” va “Risolai xattot Xoja”, Juvayniyning “Tarixi jahongo‘shoy”, tarixchi Tabariyning “Tarixi Tabariy” asarlarini ko‘rishimiz mumkin.

Boysunqur Mirzo kutubxonasida ko‘chirilib tayyorlangan 19 kitob bizning kunlarimizgacha yetib kelgan. Boshqa qo‘lyozmalarning taqdiri hozircha noma’lum. Bu kitoblar Sankt-Peterburg, Tehron, London, Istanbul, Dubay kabi shaharlarda saqlanmoqda. G‘iyosiddin Boysunqur Mirzo 1433 yilning 19 dekabrida Hirotning Bog‘i Safid saroyida vafot etadi. Uni onasi Gavharshod qurdirgan madrasaga dafn etishadi. Shundan so‘ng kutubxona uning o‘g‘li Alaud Davla ixtiyoriga o‘tadi. Manbalarda aytilishicha, bu kutubxonadagi ayrim kitoblarni Mirzo Ulug‘bek Samarqandga ham olib kelgan. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, temuriylar sulolasining yorqin vakillaridan biri G‘iyosiddin Boysunqur Mirzo turk, hind, arab va fors xalqlaridan meros bo‘lib qolgan ko‘plab noyob qo‘lyozmalarni saqlab, avlodlarga yetkazishda buyuk xizmat qilgan, ilm-fan, san’at va madaniyat homiysidir. Bu ulug‘ zotning Temuriylar Renessansiga qo‘shgan olamshumul hissasi hali yetarlicha o‘rganilmagan va o‘z tadqiqotchilarini kutib yotibdi.

Amriddin Berdimurodov,

tarixchi olim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.