Saida Mirziyoyeva: Millat salomatligi — bu barchamiz yelkama-yelka bosib o‘tadigan umumiy yo‘limiz va mas’uliyatimizdir

Qoraqalpog‘istonda umummilliy “Salomatlik marafoni” o‘tkazilmoqda, bu tashabbus — insonning o‘zi va yaqinlari sog‘lig‘iga e’tiborni odatiy hayot tarziga aylantirishga qaratilgan.

Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika va 3 ta jamoat maskanida aholi diagnostikadan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, bemorlarni yo‘naltirish va raqamlashtirish tizimi joriy etilmoqda.
Shifokorlarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari va AI TOP-3 CDSS, MuxlisaMED AI, AI Mammo singari sun’iy intellekt yechimlari joriy etilishi natijasida yanada tezkor va aniq tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yaratilmoqda.

To‘rt kun ichida qariyb 12 ming nafar fuqaro ko‘rikdan o‘tdi, shulardan 1 700 dan ortig‘i chuqur tekshiruvlardan o‘tkazildi, 116 nafari esa davolanishga yo‘naltirildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti bolalar jarrohligi bo‘limida murakkab operatsiyalarni boshdan kechirgan kichik bemorlar bilan uchrashib, suhbatlashdik. Ularning matonati va samimiy tabassumlari beixtiyor har birimizni ta’sirlantirdi.

Ikkita yangi loyiha ishga tushirildi — raqamli oilaviy pasportni joriy etishga asoslangan “Oilaviy salomatlik maktabi” hamda yoshlar ko‘magida aholi tibbiy savodxonligini oshirishni ko‘zda tutuvchi “Salomatlik volontyorlari” shular jumlasidan.

Sog‘liqni saqlashni zamon talablariga mos hamda har bir inson uchun qulay va foydali tizimga aylantirishni maqsad qilgan “Tibbiyot novatorlari” jamoasidagi yosh mutaxassislarga minnatdorlik bildiraman.
Millat salomatligi — bu barchamiz yelkama-yelka bosib o‘tadigan umumiy yo‘limiz va mas’uliyatimizdir.