Salomatlik posbonlari Bulung‘ur tajribasini o‘rgandi
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tashabbusiga ko‘ra, viloyatimizda sog‘liqni saqlash tizimidagi tajribalarni o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shu mavzuga bag‘ishlangan seminarning navbatdagi manzili Bulung‘ur tumani bo‘ldi.
Unda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, viloyatimizdagi tibbiyot muassasalari, shuningdek, tuman, shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar tumanning Zarafshon mahallasida joylashgan “Ipak yo‘li” oilaviy shifokorlik punktining yangi, zamonaviy qiyofadagi binosining ochilish tadbiri bilan boshlandi. Mazkur bino 1959 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda ta’mirtalab ahvolda qolgan edi.
Ta’kidlash kerakki, hozirgi vaqtda bino 13 878 nafar aholiga salomatlik va profilaktika maqsadida xizmat ko‘rsatadi. Yangi binoda tibbiyot xodimlariga ham, unga tashrif buyuruvchilarga ham barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, zaruriy tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.
Seminar ishtirokchilarining keyingi manzili Kildon mahallasidagi 1-sonli oilaviy poliklinikasi bo‘ldi. Soha rahbarlari bu yerda bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ish jarayonining qay tartibda yo‘lga qo‘yilganligi, erishilgan natijalar hamda galdagi vazifalar bilan tanishtirildi.
Bundan tashqari, seminar ishtirokchilari Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonada bo‘lishib, yaratilgan qulayliklar, soha rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi keltirilgan tibbiy jihozlar bilan tanishdilar. Seminar tibbiyot birlashmaning faollar zalida ko‘rgan kechirganlari yuzasidan o‘zaro fikr almashish hamda xulosalarni bo‘lishish tarzida davom etdi.
Yakunda mutaxassislar tumanning Olmazor mahallasida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massividagi bunyodkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.