Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat arxivi tashkil etilganiga bir asr bo‘ldi

Samarqand shahar yoshlar markazida viloyat davlat arxivi tashkil etilganligiga 100 yil to‘lgani munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Unda sohada uzoq yil faoliyat ko‘rsatgan faxriylar, shahar va tuman arxivlari xodimlari, yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda arxiv tarixi hamda uning faoliyati, saqlanayotgan uch asrlik tarixni eslatuvchi hujjatlar, qo‘l yozmalar, gazetalar haqida ma’lumot berildi. 

Uchrashuvda “O‘zarxiv” agentligi direktori o‘rinbosari Husan Isayev tadbir ishtirokchilariga agentlik tomonidan yuborilgan tabriknomani o‘qib eshittirdi. Shuningdek, tadbir davomida viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Mamanazarov, viloyat davlat arxivi direktori Shavkat Mavlonov, tarixchi Baxtiyor Ergashev tomonidan Samarqand arxivi tarixining o‘ziga xos xususiyatlari va unda ishlagan faxriylarni yodga oldi.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda viloyat davlat arxivining fondi fan, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarga oid hujjatlar hamda tarixiy-madaniy yodgorliklarni aks ettiruvchi suratlar bilan boyitib borilayotgani ham aytib o‘tildi. 

Ijodiy muloqot tarzida o‘tgan tadbir yakunida sohada uzoq yil ishlagan va hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh xodimlarga samarali mehnati, arxiv ishi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zarxiv” agentligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi hamda esdalik sovg‘alari berildi. Yoshlar markazi foyesida tarixiy va noyob hujjatlar va fotosuratlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Husan Eltoyev.