Samarqand davlat tibbiyot instituti universitetga aylantiriladimi?

Samarqand davlat tibbiyot instituti respub­likada o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega oliy ta’lim muassasasi sanaladi. 90 yillik tarixga ega institut tibbiyot sohasi uchun minglab shifokorlar, ilmiy xodimlar, akademiklar, fan, jamoat va davlat arboblarini tayyorlab bergan. 8 noyabr - Tibbiyot xodimlari kuni bahonasida institut rektori Jasur RIZAYeV bilan kelgusidagi rejalar haqida suhbatlashdik.

- Avvalo, ertangi kasb bayrami bilan qutlaymiz.

Koronavirus pandemiyasi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan o‘zgartirdi. Ayniqsa, amaliyot bilan nazariya birgalikda olib boriladigan tibbiyot institutida talabalarga masofadan qanday sifatli ta’lim berildi? 

- Tabrik uchun rahmat. Men ham kasbdoshlarim va barcha tibbiyot xodimlarini ushbu sana bilan qutlayman.

Koronavirus pandemiyasi dunyoning barcha davlatlari hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Jumladan, respublikamizda 2020 yil mart oyidan e’lon qilingan karantin tufayli institutimiz jamoasi joriy qilingan cheklovlarga moslashdi, biroq institutda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va tadqiqot ishlarini olib borish jarayoni to‘xtagani yo‘q.

Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi institut uchun katta sinov, shu bilan birga mas’uliyatli davr bo‘ldi. Institut professor-o‘qituvchilari tez sur’atlarda o‘quv jarayonini masofaviy ta’lim talablariga moslashtirdi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun institutda 2013 yildan buyon joriy qilingan elektron, kredit-modul tizimida o‘qitish qo‘l keldi.

Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv materiallar, videoma’ruzalar, darsliklar, test topshiriqlari va nazorat savollari mukammal tayyorlangan elektron platformaga joylashtirilgan. Talabalar kun-u tun bilim olish imkoniyatiga ega.

- Institutda qanday yangiliklar bo‘ldi?

- Institutimizda bakalavriatning 10 dan ortiq yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Birinchi kursga joriy o‘quv yilida 1030 nafar abituriyent talabalikka qabul qilindi. Bu yil institutda farmatsiya ishi, tibbiy profilaktika, jamoat salomatligi, tibbiy biologiya fakultetlari va xalq tabobati bo‘yicha yangi yo‘nalish ochildi. Bu ham tibbiyot sohasi va yoshlarga yangi imkoniyat eshiklarini ochib berdi.

Hozirgi kunda institutda 70 dan ziyod fan doktori, professor, 180 nafar fan nomzodi va 150 nafar dotsent samarali mehnat qilmoqda. Ularning sa’y-harakatlari bilan joriy yilda bir qator yirik va dolzarb ilmiy loyihalar amalga oshirildi. Masalan, joriy yilning boshidan hozirgi vaqtgacha institutda 17 ta xalqaro, 16 ta respublika miqyosidagi anjumanlar o‘tkazildi, 90 dan ortiq vebinarlar, 7 ta davra suhbatlari tashkil qilindi.

- Siz boshqarayotgan institut universitet maqomiga ega bo‘ladi, degan gaplar bor...

- Ha, bu gapda jon bor. Prezidentimizning “Samarqand davlat tibbiyot institutida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi farmoni loyi­hasiga asosan, Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish rejalashtirilgan. Loyihaga muvofiq, institutimizning birinchi va ikkinchi klinikalari negizida universitet klinikasini, reabilitatsiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu xalqaro ta’lim standartlariga asos­langan ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, o‘quv dasturlari va innovatsion materiallarni keng joriy etish uchun zamin bo‘ladi. Klinika va o‘quv bazalarida nazariy bilimlar hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash, tibbiy amaliyotda mavjud muammolarni hal qilish uchun fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatlari vujudga keladi.

- Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan?

- Institutimiz AQSh, Germaniya, Avstriya, Ispaniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarning tibbiyot universitetlari, ilmiy-tekshirish markazlari bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan. Joriy yildan boshlab, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti, Chuvash milliy universiteti (RF), Ya.B.Gorbachevskiy nomidagi Ternopol milliy tibbiyot universiteti (Ukraina), Polshaning National Louis Universityning Oliy biznes maktabi, Belarus davlat tibbiyot universiteti bilan bakalavriat va magistratura bosqichida bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma dastur asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. 

Yaqin kelajakda jahon reytingida eng yaxshi 1000 talikka kirishni rejalashtirmoqdamiz. Buning uchun bizda yetarli imkoniyatlar, shu jumladan ilmiy salohiyat mavjud.

X.Ergasheva suhbatlashdi.