Samarqand davlat universiteti kuni keng nishonlandi

1420 yil 21 sentyabrda Registon maydonidagi Ulug‘bek madrasasida mashg‘ulotlar jarayoni boshlangan edi. Bu qutlug‘ sana  Samarqand davlat universiteti tashkil topgan kundir. Shu sababli 2021 yildan boshlab 21 sentyabr kuni har yili Samarqand davlat universiteti kuni sifatida xalqaro miqyosda keng nishonlanadi.

Bugun erta tongdan boshlangan anjuman qizg‘in kechdi. Universitet xiyoboni bo‘ylab, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli xil ko‘rgazmalar, intellektual o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. Kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, talaba va o‘qituvchilarga kayfiyat ulashildi.

Kunning ikkinchi qismida Samarqand Yoshlar markazida universitet kuniga bag‘ishlab tantanali marosim o‘tkazildi. Dastlab, Samarqand viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan Mirzo Ulug‘bek madrasasidagi ilk dars jarayoni aks etgan sahna ko‘rinishi namoyish etildi.

Tantanali tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ochib, barchani qutlug‘ sana bilan samimiy tabrikladi.

Anjumanda Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Husan To‘xtayev, O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova va xorijiy oliy ta’lim muassasalari professor- o‘qituvchilari universiteti haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbir ishtirokchilari universitet faoliyatiga yuqori baho berib, xalqaro hamkorlik aloqalarini alohida e’tirof etdi.

Anjumanda ilm-fanda yuqori natijalarga erishgan, universitetning xalqaro nufuzini ko‘tarishda o‘z hissasini qo‘shgan bir qator professor-o‘qituvchilar hamda fan olimpiadalarida va sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar universitet rektorining qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur yoshlar orasida universitetning geografiya va ekologiya fakulteti magistranti, “Parij-2024” yozgi Paralimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, para-dzyudo bo‘yicha Jahon va Osiyo chempionati sovrindori, “Shuhrat” medali sohibi Uljon Amriyevaning sportdagi g‘alabalari va matonati e’tirof etilib, universitet rektori tomonidan kompyuter jamlanamasi sovg‘a qilindi.

Tadbir yakunida ijodkor talabalar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.