Samarqand davlat universitetida “Guliston” jurnali ijodiy jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
Unda SamDU professor-o‘qituvchilari, yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Mamatqul Hazratqulov, “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri B.Rahmonov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatini oshirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani haqida so‘z yuritishdi.
Ta’kidlandiki, 1925 yildan buyon chop etib kelinayotgan “Guliston” jurnali mamlakatimizdagi eng nufuzli ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-badiiy, madaniy-ma’rifiy nashrlardan biri hisoblanadi. Jurnalning ilk soni “Yer yuzi” nomi bilan chiqqan edi. 1932 yildan jurnal “O‘zbekiston qurilishida”, 1934 yil “Mash’ala”, 1935 yil “Guliston” nomi bilan nashr etila boshlandi. Keyin bir muddat jurnalni nashr etish to‘xtadi. 1967 yil yanvar oyidan yana “Guliston” nomi bilan qayta tashkil etildi.
1994 yildan jurnal O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi muassisligida “Guliston” nomi bilan nashr etildi. Uning sahifalarida adabiy asarlar, dolzarb maqolalar, taniqli ijodkorlar bilan suhbatlar, ocherklar e’lon qilinadi.
Jurnalga 2018 yil 18 oktyabrdan buyon taniqli jurnalist, adib, Mamatqul Hazratqulov bosh muharrirlik qilib kelmoqda.
Tadbir davomida talaba-yoshlar jurnalning tarixi va yangicha yo‘nalishlari, ijodkorlarning hayoti hamda ijodi bilan tanishtirildi. Shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
O‘lmas SAYDINOV.