Arxivlar xalq tarixi va davlatchilik xotirasining ishonchli qo‘riqchisi
Arxivlar har qanday millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy merosi va davlatchilik an’analarini o‘zida mujassam etgan bebaho manba hisoblanadi. O‘zbekistonda arxivlar nafaqat hujjatlar saqlanadigan maskan, balki xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, madaniy va ilmiy merosini kelajak avlodlarga yetkazuvchi muhim muassasalar sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Aslida zamonaviy arxiv tizimining shakllanishi XIX asr oxirlariga to‘g‘ri keladi. Xususan, 1870 yildan boshlab viloyat kengashlari qoshida maxsus arxivlar tashkil etilib, mahalliy idoralar faoliyati davomida yig‘ilgan hujjatlar alohida saqlana boshlangan.
1919 yilda Turkiston Respublikasi arxiv ishini markazlashtirish va tarixiy ahamiyatga ega hujjatlarni davlat muhofazasiga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Keyinchalik O‘zbekiston SSR hududiy arxivlari tashkil etilib, markazlashgan arxivlar tarmog‘i vujudga keldi.
Bugungi kunda arxiv xizmatlarini raqamlashtirish, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda sohada zamonaviy boshqaruv tizimini shakllantirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2025 yil 24 noyabrda qabul qilingan “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyatga ega.
Mazkur farmonga muvofiq, 2030 yilga qadar milliy arxiv fondi hujjatlarining kamida 60 foizini raqamlashtirish, arxiv xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, xizmat ko‘rsatish muddatlarini kamida uch baravar qisqartirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda davlat organlari axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiyalashuvni ta’minlash asosiy vazifalar sifatida belgilangan.
Viloyat davlat arxivida ham farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat davlat arxiviga to‘qqiz nafar, viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimi bo‘yicha esa yigirma nafar mutaxassis ishga qabul qilindi. Shuningdek, arxiv hujjatlari harakatini avtomatlashtirish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida RFID (radiochastotali identifikatsiya) texnologiyasi joriy etilmoqda. Ushbu tizim orqali har bir arxiv hujjatiga unikal identifikatsiya raqami berilib, ularning harakati avtomatik ravishda nazorat qilinadi.
Viloyat davlat arxivi nafaqat hujjatlarni saqlash, balki xalqimiz tarixini o‘rganish va targ‘ib qilish markazlaridan biri hisoblanadi. Arxivda fan, madaniyat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid minglab hujjatlar saqlanmoqda. 50 dan ortiq shaxsiy fondlarda davlat arboblari, olimlar, yozuvchilar va boshqa mashhur shaxslarga oid noyob hujjatlar jamlangan. Jumladan, arxivda 1927 yil 22 yanvarda Samarqandda oliy pedagogika institutini tashkil etish haqidagi O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi va Xalq komissarlari kengashining qarori, shuningdek, davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning Samarqand davlat universitetida tahsil olgan davriga oid shaxsiy hujjatlari saqlanmoqda. Bu kabi tarixiy manbalar milliy tariximizni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Endi milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yig‘majildlar ro‘yxatini yuritish, arxiv hujjatlarini qabul qilish va foydalanishga berish, tashkilotlarning arxiv ishlarini muvofiqlashtirish kabi jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, sohada “Shajara” axborot tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim orqali fuqarolar o‘z oila shajaralarini onlayn tarzda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Arxiv hujjatlari, FHDYo ma’lumotlari hamda sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida fuqarolarning avlodlar zanjiri va oilaviy bog‘liqliklari haqidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.
Shavkat Mavlonov,
viloyat davlat arxivi direktori.