Yangi g‘oyalar va keng imkoniyatlar maydoni

Samarqandda "Fikringni ber (Voice UP)" xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohi bo‘lib o‘tmoqda.

Ayni paytda ko‘hna kentda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan tashrif buyurgan faol yoshlar jam bo‘lishgan. Loyihaning ikkinchi kuni ham mazmunli uchrashuvlar, amaliy taqdimotlar va foydali muloqotlarga boy kechmoqda.

Ishtirokchilar "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tashkil etilgan tematik seminarlarda qatnashib, xorijlik ekspertlarning ma’ruzalarini tinglashdi.

Munozaralar davomida bolalar kambag‘alligini qisqartirish, “ijtimoiy lift” mexanizmlarini rivojlantirish, alohida ehtiyojli o‘g‘il-qizlar uchun inklyuziv muhit yaratish kabi dolzarb masalalar o‘rtaga tashlandi. ShUningdek, o‘smirlarni xavfli muhitdan asrash, volontyorlik va jamoatchilik harakatini kengaytirish istiqbollari qizg‘in muhokama qilindi.

Mazkur oromgoh navqiron avlodning ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, teng huquqlilik tamoyillarini mustahkamlash hamda jamiyatda inklyuzivlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.