Samarqand davlat universitetida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Tadbirda mehnat faxriylari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar go‘zal an’anaga aylandi. Uch avlod vakillari o‘rtasidagi o‘zaro suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda insonga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani ta’kidlandi.
- Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda 35 yil rahbarlik lavozimlarida ishladim, - deydi mehnat faxriysi Salom Obloqulov. – Asosan prokuratura sohasida faoliyat ko‘rsatganman. Men ishlagan davrlarda bu soha ancha murakkab edi. Hozir ming shukurki, zamon yaxshilandi, boshqa barcha sohalar kabi prokuraturada ham islohotlar amalga oshirilyapti.
Uchrashuvda keksa avlod vakillari hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdi.
El-yurt ravnaqi yo‘lida yosh avlod ham birdek kamarbasta bo‘lishi lozimligi samimiy suhbatlar bosh mavzusiga aylandi.
S.Mardiyev,
B.Mustanov (foto).