Uch avlod uchrashuvi yoshlarga nima beradi?
Samarqand shahrida o‘tkazilgan uch avlod uchrashuvida viloyatning barcha shahar va tumanlardan nuroniylar, o‘rta avlod va yoshlar vakillari qatnashdi.
Dastlab ular ishtirokida ’’Boqiy shahar’’ majmuasiga sayohat uyushtirildi. Shundan so‘ng Samarqand shahrida bir piyola choy ustida madaniy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Nuroniy jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari Majid Umarov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni haqida gapirib, ularni viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yanada faol bo‘lishga chaqirdi.
- Biz buyuk zotlar avlodimiz, - dedi mehnat faxriysi Alisher Mardiyev. - Ularga munosib bo‘lishimiz kerak. Milliy qadriyatlarimiz, an’analarga sodiq qolishimiz lozim. Ayrim mamlakatlarda qo‘shnilar bir-birini tanimaydi. Biz mehr-oqibatli xalqmiz. Uch avlod vakillari birlashsak, xayrli ishlarga qo‘l ursak, rivojlanish bo‘ladi, vatan ravnaq topadi.
Tadbirda viloyatimizda yashab o‘tgan davlat arboblari, taniqli shaxslar hayoti va faoliyati haqidagi xujjatli film namoyish etildi.
- Bizda shijoat bor, ammo tajriba yetarli emas, - deydi Jomboy tumani Qang‘li mahallasi yoshlar yetakchisi Mirjalol Temirov. - Bunday uchrashuvlar biz uchun tajriba maktabi bo‘ladi. Bugungi tadbirdan o‘zimga kerakli xulosani chiqardim. Mahallada ko‘pni ko‘rgan onaxon va otaxonlar bilan hamkorlikda ko‘proq ishlashim kerakligini anglab yetdim.
Tadbirda viloyat hokimligi tomonidan bir guruh faol nuroniylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Alisher ISROILOV (foto).