“Uch avlod uchrashuvi": Ibrat, shijoat, umid
Kecha Samarqand shahrining nuroniy otaxonu onaxonlari, jamoatchilik faollari hamda yoshlar Registon maydonida jam bo‘ldi. Buyuk ajdodlarimizdan qolgan meros — mahobatli me’moriy obidalar poyida shonli tarix, bugun va kelajak haqida fikr almashildi.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi. Bu yerda ularni shahar hokimi Fazliddin Umarov kutib olib, shaharda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.
— Ayni kunda shahrimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi, — dedi F.Umarov. — Hududdagi 11 ta oliy o‘quv yurtida 70 ming nafarga yaqin talaba, 3 ming nafardan ko‘proq magistr ilm o‘rganyapti. 83 ta maktabda qariyb 100 ming nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ammo ta’lim samarasini tarbiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ularga hayot maktabi kerak. Bu hayot maktabi ko‘pni ko‘rgan, hayot sinovlarida toblangan siz, qadrli nuroniylarsiz. Men ishonaman, yoshlar bilan ishlashda Samarqandda shaklangan o‘ziga xos maktab yanada rivojlanadi. Ertamiz egalarini haqiqiy vatanparvar qilib tarbiyalash yo‘lida barchamiz birlashamiz.
Navbatdagi manzil Qorasuv massividagi 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘ldi. Bugun ushbu muassasada 2400 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Tadbir ishtirokchilari maktabda yaratilgan sharoit, xususan, sport zali, to‘garak mashg‘ulotlari bilan qiziqdi.
— Maktab aslida 1680 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan, — deydi shahar hokimining o‘rinbosari Rustam Olimov. — Massivga ko‘chib keluvchilarning tobora ko‘payishi hisobiga o‘quvchilar soni ko‘payib bormoqda. Shu sababli tegishli dasturga ko‘ra massivda yana to‘rtta maktab qurish rejasi kiritildi. Bundan tashqari, hududda shifoxona va maktabgacha ta’lim muassasalari ham qurilmoqda.
Uch avlod vakillari shahardagi sobiq “Sino” zavodi o‘rnida tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonasi, “Ishga marhamat” monomarkazida ham bo‘lishdi.
— Shahrimizda yoshlarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishi uchun barcha sharoit bor, — deydi mehnat faxriysi Salohiddin Bobomurodov. — Ular astoydil mehnat qilsa kifoya. Bu borada yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish esa biz, nuroniylarning burchimiz. Tadbirda zimmamizdagi vazifa naqadar mas’uliyatli ekanligini, jamiyatga qanchalar kerakligimizni yana bir bor his qildik.
— Mahallamizda o‘tkaziladigan har bir tadbirning boshida yoshi ulug‘ otaxonu onaxonlarimiz turadi, — deydi Namozgoh mahallasi yoshlar yetakchisi Sojida Zayniyeva. — Ulardan maslahat olamiz, ba’zida tanbeh ham eshitamiz. Bugungi tadbirdan foydalanib, faol nuroniylarni mahallamizga taklif qildim. Ularning hayotiy tajribasi bizga ibrat maktabi bo‘ladi.
Tadbir doirasida Kimyogarlar shaharchasidagi “Nurafshon” madaniyat saroyida spektakl namoyish etildi. Uch avlod vakillarining suhbati bir piyola choy ustida davom etdi.
Asqar Barotov.