Samarqand “Maqom” ansambli kuylari tomoshabinlar qalbini zabt etdi

Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktabi konsert zalida viloyat “Maqom” ansamblining ikkinchi hisobot konserti o‘tkazildi.
Konsert dasturidan Samarqand maqom san’atining mumtoz navolari, shashmaqom, buzurgoniy kuylari o‘rin oldi.
- Ansamblimiz respublikadagi eng yosh ijrochilardan tarkib topgan jamoa desam adashmayman, - deydi ansambl badiiy rahbari Abdunabi To‘xtayev. – To‘g‘ri, o‘tgan yil karantin sabab konsert bera olmadik. Ammo ansamblimiz izlanishdan, yangi maqom kuylarini o‘rganishdan, unutilayotgan taronalarimizga qayta jon bag‘ishlashdan bir dam to‘xtagani yo‘q. Tumanlarda jonli ijroda konsert dasturlarini namoyish etdik. Odamlarning mumtoz kuylarimizni berilib tinglashini ko‘rib, bugun ham unga e’tibor yuksakligidan, eshitadiganlar ko‘pligidan quvondik. Bugun ustozlarimiz, xonandalar, san’at ixlosmandlari uchun ikki yillik izlanishlarimiz mahsulini namoyish etdik.
Hisobot konsertida O‘zbekiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva va O‘zbekiston xalq hofizi Soyibjon Niyozov o‘z taronalari bilan ishtirok etdi.