Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryoda BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida 150 dan ortiq mahallada ijtimoiy ob’yektlar quriladi

BMT Taraqqiyot dasturi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining O‘zbekiston qishloq joylarni kompleks rivojlantirish yangi loyihasi Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21ta tumanidagi 157 ta mahallada ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini qurish va kapital ta’mirlash ishlarini ko‘zda tutadi. Loyiha qiymati 293,5 million dollarni tashkil etadi.
Joriy yilning 28 mart kuni mamlakatimizning chekka hududlarida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish to‘g‘risida Prezident qarori imzolandi.
Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Iqtisodiyot va Moliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi birgalikda Islom taraqqiyot banki (ITB) ning moliyaviy ko‘magida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining 2024-2028 yillarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 tumanidagi 157 mahallani qamrab oladigan ikkinchi bosqichini ishga tushirmoqda.
Yangi loyiha yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr ta’minoti tizimlarini takomillashtirish, bolalar bog‘chalari, maktablar va qishloq poliklinikalari kabi ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali qishloq aholisining turmush darajasini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, tegishli yashil va energiya tejamkor hamda raqamli yechimlardan foydalangan holda qishloqlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda arxitektorlar, muhandislar jamoalari, mahalliy hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor tomonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatini mustahkamlash rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha qurilish va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan mahallalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish orqali jamoalarga o‘z rivojlanish ustuvorliklari va ehtiyojlarini aniqlash imkonini berishi kutilmoqda.
Loyihani amalga oshirish natijasida 622 mingdan ziyod qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilanishi rejalashtirilgan.