Ishtixonlik maktab o‘quvchisi 5 ta mamlakatda 5 tilda qo‘shiq kuyladi

Turli tillarda mahorat bilan kuylay oladigan yosh iste’dod egasi Nozima Muhammadiyorova Ishtixon tumanida oddiy hunarmandlar oilasida tug‘ilib, o‘sdi.

U tumandagi 1-ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Turli xalqaro festival va tanlovlarda yuqori natijalarga erishib kelyapti.


- Bolaligimdan san’atga qiziqishim kuchli bo‘lgan, - deydi u. – Katta otam, ya’ni ayamning dadasi G‘ulom Orzuyev madaniyat xodimi edi. Mendagi iste’dod shu kishidan o‘tgandir balki. Faqat bu yo‘nalishni tanlashimda juda ko‘p qarshiliklar bo‘lgan. Orzularimni amalga oshirishimda buvim meni qo‘llab-quvvatlagan va bugun natijalar sezila boshladi. Birlashgan arab amirliklari, Turkiya va Ispaniya kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro festivallarda qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib qaytganman. Kelgusida O‘zbekiston farzandi sifatida jahonga tanilish va “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritish asosiy maqsadim.
Nozima Muhammadiyorova yaqinda YuNESKO tashkiloti tomonidan Xitoyda o‘tkazilgan yoshlar haftaligida ham ishtirok etib, o‘zbekcha kuyladi. Maxsus sertifikatni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonga qaytdi.

E’zoza Meyliyeva,
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto+video).