"Shifobaxsh" olma

- Xotin, shu onang seni menga aldab topshirganiday mana shu olmaniyam aldab bergan ekan. Har yili ustini eshakni qo‘tiriday dog‘ bosib ketadi...
Bekmurod aka yonboshlab qalpog‘ini irg‘itib yubordi. Ikki marta qayta-qayta olmaga qarab qo‘ydi. Chuqur uf tortdi.
- O‘zi-chi, shu olmaning ko‘chatini hech qanaqa Saratovmi, Arxangelskmi, o‘sha tomondanam olib kelmagan, Pardaali lofchi buvang hammalaringni aldab, bir balo jarlardan topib kelganga o‘xshaydi. Endi bu olmaning hosilini bu yil ham sota olmaymiz.
- O‘zim sotib kelaman, - shartta gapning o‘rtasidan kesdi Ruqiya xola. - Siz bundan oldin ham bir ishni bajarolmagansiz, bundan keyin ham bajara olmaysiz. Mening urug‘imga aybni to‘nkab o‘tirasiz. Eplaganchi, kampirni qiz qilib erga berganakan.
- E, hali biz bir ishni eplolmaydigan bo‘lib qoldikmi?..
- Eplasangiz mana shu olmani sotardingiz. Meni tepamda luqma otmasdan.
- Bu olmangni sotmaymanam.
- O‘zim sotaman. Puliga tilla zanjir olaman. Ana o‘shanda og‘zingizni ochib qolasiz.
- Hali bu olmangni birov to‘rt so‘mga oladimi-yo‘qmi, bilmaysan, yana menga "ultimatum" qo‘yasan.
Ruqiya xola o‘rnidan turib etagini bir silkib ketib qoldi. Bekmurod aka har doimgi odatini takrorladi, yog‘liqqina qilib so‘kib qo‘ydi.
Birozdan so‘ng Ergash shilqim kirib keldi. O‘lguday shilqim va gapi ko‘p odam. Bekmurod aka qaynog‘asi bo‘lsa ham bu bolani yoqtirmasdi.
- Ha, pochchaginam, bu, rosa qovog‘ingizdan qish qattiq keladiganga o‘xshab turibsiz. Nosqovog‘ingizni yo‘qotib bodomqovog‘ingizni topib oldizmi?
- Erkakka o‘xshab gapir. Nima gap, dangalini aytaver?
- Olmangizga xaridormiz.
Ergash degich birni uchga pullagan bola. Bozor ko‘rgan. Pochchasini ikki daqiqada aldadi-qo‘ydi. Pochcha narvon topib olma shoxiga osila ketdi. O‘zi esa yashikchiga telefon qildi. Birozdan so‘ng ellikta yashik bilan bir qop yumshoq, oppoq bir balo keldi. Ergash shilqim bir chetda o‘tirib olmalarning yuzini artib, haligini bitta-bitta kiygiza boshladi.
- Pochcha, olmalaringizga "kelin ko‘ylak" kiygizamiz-da. Bu olmalaringizni bir Rossiyaga eksport qilib yubormasammi hali.
Ergash ellik yashik olma terilsa, pochchasiga pulni beli sinmaganlarini topshiradigan, o‘zi esa sotgani evaziga bir-ikki so‘m ko‘ngildan sug‘irib oldigan bo‘ldi.
Birozdan so‘ng bozorqo‘m kelib qoldi. Ergash shilqim o‘rnidan turasolib cho‘ntagiga qo‘l yubordi. Bir pochka "beli sinmagan"ni olib bozorqo‘mni qo‘liga tutqazib ko‘rishdi.
- To‘ylar muborak bo‘lsin, aka. Eshitishimizcha, kichkinangizni sunnat to‘y qipsiz, biz bexabar.
Ungayam ikki yil bo‘ldi. E aka, biz to‘yonani shunday kechiksayam vijdonimiz qiynalib ushlab yuramiz.
Rasmiyatchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Gapning dangaliga ko‘chdi mavzu. Bozorqo‘m olmalarning allambalo navi ekanligiga qog‘oz yozib beradigan bo‘ldi. Tekshiruv hujjatlariga bir gala vitaminlar ro‘yxati qo‘shiladigan, xullas, olmaning maqtovi shu yerning o‘zida tarqalib ketdi. Ertasiga mana shu olma sotilmaguncha boshqa biror yashik olma bozor rastasiga chiqarilmadi. Bozorqo‘m to‘yonani halolladi.
Shunday qilib, Ruqiya xola aytganini qildi. Bitta tillo zanjirni yarqiratib erining ko‘zini olaytirib u yoqdan-bu yoqqa o‘tdi.
- Menga desachi, barginiyam tabiblarga sot, xo‘pmi?
Qalpog‘ini olib irg‘itvordi Bekmurod aka.
- Rost aytdingiz, men Ergash bilan gaplashib ko‘raychi, tabiblardan tanishi yo‘qmikan.
Bekmurod aka emaklab borib, qalpog‘ini qayta kiydi.
Eshikdan yana Ergash shilqim kirib keldi.
- E-e-e, pochchaginam, bu deyman sizni yana urintirib qo‘yadiganga o‘xshayman. Bu biz bergan olmaning bargi asab tizimiga koni foyda chiqib qoldi-ku. Abdulla oshnam bilan gaplashdim. Choy qilib sotadigan bo‘lyapmiz. Turing o‘rningizdan, daraxtning bargini tering.
Bekmurod aka cho‘k tushib o‘tirib oldi.
- Oldindan kelishib olaylik, pulning yarmini o‘zimga berasan.
Ergash shilqim pochchasining qulog‘iga shipshidi: "Pochchaginam, opamni chaqiraymi yo o‘zingizdan bilib ishga kirishasizmi?". So‘ng xoxolab kulib yubordi.
Bekmurod aka o‘rnidan turib pichirlab so‘kina ketdi.
- Bozor ko‘rgan xotin olma deyishgandi. Bu turishda o‘lsam, o‘ligimni ko‘mmasdan "kolbasazavod"ga topshirmasa go‘rgaydi.
Nuriddin ZIYo.