Samarqand shahri, Bulung‘ur va Ishtixon tumanlaridagi dorixonalarda “Elektron retsept” tizimi joriy etilmoqda

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentyabrdagi tegishli qarori bilan Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash pasportiga o‘zgartish kiritilmoqda. 

Unga muvofiq, 2025 yil 10 dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da, 2026 yil yakuniga qadar esa respublikaning barcha hududlaridagi dorixonalar “Elektron retsept” moduli bilan belgilangan ma’lumotlarning real vaqt rejimida almashilishini ta’minlashi shart. Samarqandda bu tajriba-sinov loyihasi Samarqand shahri, Ishtixon va Bulung‘ur tumanlarida amalga oshiriladi. 

Eslatib o‘tamiz, dorixonalar tomonidan retsept asosida beriladigan dori vositasini retseptsiz berganlik uchun qonunchilikda javobgarlik belgilangan. 

Endilikda bunday dori vositalarini xarid qilishda yurtdoshlarimiz dorixonaga, albatta, shifokor tomonidan tizimga kiritilgan elektron retsept asosida murojaat etishlari tavsiya qilinadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, "Elektron retsept" tizimini joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - davolash xavfsizligini oshirish va bemorlar salomatligini himoya qilish, shifokorlarning dori tayinlashdagi mas’uliyatini kuchaytirish, dori vositalarini tayinlash jarayonini tartibga solish, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli hisobga o‘tish, shuningdek, kontrafakt yoki noto‘g‘ri qo‘llanilayotgan dori vositalari aylanmasi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishdan iborat.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarning xavotirini to‘liq tushunadi va ta’kidlaydi: favqulodda holatlarda, shuningdek, bolalarga, keksa yoshdagi shaxslarga va surunkali kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi. Ushbu toifadagi bemorlar alohida nazoratda bo‘ladi.

Yangi tizimni joriy qilish davri mobaynida Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir rahbarligida doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tashkil etilgan. Ushbu guruh tarkibiga shifokorlar, dorixona tashkilotlari va AKT mutaxassislari kiradi. Ishchi guruh tizimning amalda qo‘llanilishini muntazam monitoring qiladi, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi, poliklinikalarga tushayotgan yuklamani, raqamli servislar barqarorligini va dori vositalarini berish tartibini tahlil qiladi. Zarur hollarda tezkor tarzda tegishli tuzatishlar kiritiladi.

Shifokor retseptisiz beriladigan asosiy hayotiy muhim dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilgan. Uning maqsadi — kundalik va favqulodda maishiy holatlarda aholiga tezkor tibbiy yordam olish imkoniyatini ta’minlashdir. Ro‘yxat xalqaro amaliyot, shifokorlar tavsiyalari va hayotiy holatlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy axborot resurslarida e’lon qilingan. Bu jarayonda u amaliy qo‘llanish natijalari va kelib tushayotgan takliflar asosida aniqlashtirilishi va to‘ldirilishi mumkin.

Darvoqe, "Elektron retsept" tizimi bilan bog‘liq masalalardagi aholi murojaatlari va savollariga tezkor javob berish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining "Ishonch telefoni" bazasida muntazam faoliyat yurituvchi 1003 qisqa raqamli “Sall-markaz” tashkil etildi.