Samarqand shahri, Bulung‘ur va Jomboy tumanlaridagi ayrim maktab rahbarlari sohaga oid farmon va qarorlardan bexabar

Maktab direktori va o‘rinbosarlari xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan nechog‘lik xabardor?

Maktab rahbarining muassasadagi ta’lim sifati va samardorligini nazorat qilish holati qanday?

Ta’lim muassasasi kuz-qish mavsumini qanday holatda kutib oldi?

Maktablardagi turli yo‘nalishga doir mavjud real holatni o‘rganib, kamchiliklarni tizimli ravishda bartaraf etish, xalq ta’limi xodimlarining mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasining ishchi guruhi a’zolari umumta’lim muassasalarida bo‘lib, mazkur muhim masalalarga alohida e’tibor qaratmoqda.

Ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirish, uni illatlardan, muammolardan tozalash, islohotlarni hayotga tatbiq etish haqida ertayu kech bong urilyapti. Talab va takliflar o‘zgaryapti, ilg‘or malaka va tajribalarga tayanilyapti. Biroq ayni jarayonda kimdir “uyg‘onib”, endi eskicha yondashuv orqali ishlab bo‘lmasligini tushunib harakat qilyapti. Ayrimlar esa hatto “tebranmayapti”...

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni umumta’lim muassasalarida keng tatbiq etish, pedagoglar, maktab direktorlarining qo‘yilayotgan talablarga muvofiq olib borayotgan ishlarini, ta’lim-tarbiya jarayonlarini o‘rganish, maktablarning kuz-qish mavsumiga tayyorligini ko‘zdan kechirish maqsadida ishchi guruhlar tuzilib, maktablarda bo‘lmoqda.

Joriy yil 21 noyabr kuni boshqarma ishchi guruhi a’zolari Samarqand shahri, Bulung‘ur va Jomboy tumanlaridagi jami 25 ta umumta’lim maktablarida bo‘ldi. Muassasalardagi ta’lim sifati va samaradorligi, maktab direktori, o‘qituvchilarning o‘z ish faoliyatiga mas’uliyati, an’anaviy va onlayn ta’lim-tarbiya jarayonlarining borishi, maktab devorlariga ilingan peshlavhalar, shiorlarning to‘g‘riligini ko‘zdan kechirishdi.

Ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan eng so‘nggi farmon va qarorlarning mazmuni haqida nima deya olasiz?

Bulung‘ur tumanidagi 4-, 20- 61-maktablar, Jomboy tumanidagi 33-maktab, Samarqand shahridagi 13-, 53-maktab direktorlari va direktor o‘rinbosarlariga shu savol berilganida, ming afsuski, avvalo xalq ta’limi xodimlariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, xalq ta’limining kelajagini belgilashda muhim bo‘lgan bu dolzarb hujjatlar haqida ikki og‘iz jo‘yali fikr ayta olishmadi. Vaholanki, ulardan “falon bandida nima deyilgan?” deb emas, faqatgina mazmuni so‘ralgandi. Qolaversa, bugun ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda, kerak bo‘lsa, 24 soat shu haqda fikrlar bildirilayotganiga qaramasdan ulardan ijobiy javob ololmadik.

Biz maktab direktorlari va o‘quv ishlari, ma’anaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga navbatdagi savol bilan yuzlandik: Haftada qaysi fan o‘qituvchingizning darsiga kirib, necha soat dars tahlil qildingiz, pedagoglarning bilimi, malaka va tajribasidan xabardormisiz?

Buni qarangki, Samarqand shahridagi 53-, 65-, 31-, 74-, 75-maktablar, Bulung‘ur tumanidagi 3-, 4-, 14-, 53-, 61-, 71-maktablar, Jomboy tumanidagi 33-maktab direktori va direktor o‘rinbosarlari o‘quv yili boshlangandan buyon bir soat ham dars tahlil qilmaganligi, ochiqroq aytganda, maktabdagi ta’lim sifati va mazmuniga loqaydlarcha qaraganligi ma’lum bo‘ldi. Aslida, belgilangan me’yorlarga ko‘ra, maktabning eng mas’uliyatli xodimlari hisoblangan bu “qahramonlarga” bir haftada kamida 4 soatgacha dars tahlil qilish majburiyati yuklatilgan.

Shu kabi loqaydlik va befarqlikning mevasini ko‘ring: aynan ushbu maktablarni bitirgan o‘quvchilarning bor-yo‘g‘i 2 yoki 3 foizi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan. O‘qituvchilar orasida birorta ham oliy, aqalli birinchi toifaga ega pedagog yo‘q. Masalan, Samarqand shahridagi 31-maktabni 2019/2020 o‘quv yilida 105 nafar o‘quvchi bitirgan va ularning atigi 4 nafari (3,8 foizi) o‘qishga kirgan. Yoki shahardagi 75-maktabda 37 nafar o‘qituvchi faoliyat olib borsa-da, ular orasida birorta ham oliy yoki birinchi toifaga ega o‘qituvchining o‘zi yo‘q. 45 nafar maktab bitiruvchisidan 1 tasi OTMga o‘qishga kirgan, xolos.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi a’zolari o‘quvchilarning davomati, sinf jurnallarining yuritilish holatiga ham e’tibor qaratdi. Onlayn ta’lim olayotgan o‘quvchilarning uyda dars tayyorlayotgani va bunga yaratilgan sharoitlar bilan ham bevosita tanishdi.

Maktab tashqarisi, sinfxonalarda devorlarga o‘rnatilgan shiorlar, ko‘rgazmali vositalar, ularning mazmuni, imloviy xatolikliklari e’tibor markazida bo‘ldi.

Hojatxonalarning sanitar holati, elektr tarmog‘iga ulanganligi, qo‘l yuvish uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Aksariyat maktablarda qozonxonalar, mo‘rilarning kuz-qish mavsumi oldidan tozalanmagani bois bu holatlar sinfxonalarni yaxshi isimasligiga ham olib kelmoqda.

Aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy yordam berilib, zarur tavsiya va tushuntirish ishlari olib borildi. Maktab direktorlari va o‘rinbosarlariga majburiyatlari eslatilib, loqaydlik holatlariga chek qo‘yish tushuntirildi.

Maktablardagi o‘rganish ishlari davom etadi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.