Samarqand shahrida 4 milliard 141 million 280 ming so‘m pul kimlarga beriladi?
Bugun ko‘hna kentning har bir mahallasida davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida ehtiyojmandlarga pul mablag‘lari tarqatilmoqda. Ya’ni, ehtiyojmand oilalarning 7 toifasi qamrab olgan ro‘yxat asosida pandemiya davrida qiynalib qolgan oila qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Buning uchun sektorlarga xizmat ko‘rsatuvchi har bitta bankdan 4 nafardan kassir biriktirilgan. Ular sektorlar ishchi guruhi, mahalla raisi va profilaktika inspektori ishtirokida “temir daftar”ga kiritilgan xonadonlarda bo‘lmoqda.
Samarqand shahridagi 1-sektor hudududa joylashgan Ko‘l mahallasida 33 ta oila kambag‘al oilalar ro‘yxatiga kiritilgan. To‘g‘ri, davlat va nodavlat tashkilotlari, saxovatpesha insonlar muntazam ravishda ularning holidan xabar olib kelmoqda. Prezidentimiz tashabbusi yordamga muhtoj oilalarda yashovchi aholi jon boshiga 220 ming so‘mdan bir martalik pul mablag‘larining berilishi ushbu xonadonlar uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ldi.
Mahallada yashovchi Rabbim Jabborov birgina pensiya puli bilan oilaning 4 nafar a’zosini boqish, umuman ro‘zg‘or tebratishda biroz qiynalib qolgandi. Ishchi guruh u kishining xonadoniga tashrif buyurib, 880 ming so‘m pul berdi.
Shu mahallaning 3 yil oldin insult tashxisi bilan xastalangan yana bir fuqarosi Rafiq Safarovning zimmasida 8 kishini boqish mas’uliyati turibdi. Pandemiya tufayli qiyin bir vaziyatda qolganda R.Safarovga 1 million 760 ming pul berilishi, ayni muddao bo‘ldi.
Bunday xayrli va ezgu ishlar Samarqand shahrining 4 ta sektorida ham davom etmoqda. Qayd etish lozimki, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarning har bir a’zosini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan harakat doirasida 4 milliard 141 million 280 ming so‘m pul mablag‘lari tarqatiladi.
Bundan avvalroq, Qurbon hayiti bayrami oldidan shahardagi kambag‘al oilalarga million so‘mdan jami 1 milliard 348 million so‘m pul mablag‘lari berilgan.
Yoqubjon Marqayev.