Ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash haqidagi arizalar qanday hollarda rad etiladi?
Quyidagi holatlar mavjud bo‘lganda tegishli ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi:
a) ariza beruvchining doimiy yoki vaqtinchalik propiskasi yo‘qligi;
b) ariza beruvchi oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad vaqtinchalik nizomning 7-bandida belgilangan mezonlardan ko‘pligi;
v) idoralararo elektron axborot tizimi orqali kadastr axborot tizimida ariza beruvchi va uning oila a’zolarida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulk mavjudligi;
g) ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida:
- ishlab chiqarilgan muddati 10 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan avtotransport vositasi mavjudligi;
- jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan avtotransport vositalari mavjudligi;
d) daromadlarning rasmiy manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida mehnat organlariga murojaat qilmagan va hisobda turmagan yoki haqi to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan oilaning mehnatga layoqatli a’zosi mavjudligi.
Tegishli nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etilganda, ariza beruvchiga «Yagona reyestr» AT orqali rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda (arizada ko‘rsatilgan elektron manziliga yoki SMS-ma’lumot orqali mobil telefon raqamiga) elektron bildirishnoma yuboriladi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovi to‘lov oyining 4-kunidan 27-kuniga qadar AT «Xalq banki»ning tuman (shahar) bo‘limlari (filiallari) orqali naqd pul yoki fuqaroning xohishiga ko‘ra, naqd pulsiz bank hisobvaraqlari (kartochkalari) orqali to‘lanadi.
Abdurashid RAHIMOV,
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.