Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam nafaqasini tayinlashda arizalar qanday tartibda ko‘rib chiqiladi?

Amaldagi Nizomning 14-bandida bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash uchun arizalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga oila ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni xohlagan oydan oldingi oyning 15-kunidan kechikmay, biroq ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam to‘lash muddati tugaydigan oydan keyin (bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish bo‘yicha nafaqa bundan mustasno) taqdim etiladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ariza beruvchi va uning oila a’zolari tarkibi, ularning iqtisodiy holati, oilaning tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaliklarining maydoni va arizada ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha ariza beruvchi va uning oila a’zolari yashayotganligini tekshiradi. Arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ishonchliligi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu nizomda belgilangan shakl bo‘yicha tasdiqlanadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi har uch ish kunida kamida bir marta, biroq ariza berilgan oyning 18-kunidan kechiktirmay, ariza va taqdim etilgan hujjatlarni hamda oilaning tarkibi, iqtisodiy ahvoli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga taqdim etadi.

Ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash to‘g‘risida qabul qilingan arizalar Pensiya jamg‘armasi bo‘limining mas’ul xodimi tomonidan ariza berilgan oyning 25-kunidan kechiktirilmay, «Yagona reyestr» axborot tizimiga kiritiladi.

Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromadning hisob-kitobi ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-kunigacha «Yagona reyestr» AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash yoki tayinlashni rad etish «Yagona reyestr» AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Ya’ni, qaror qabul qilinishida Pensiya jamg‘armasi xodimlarining (inson omilining) qatnashishi mavjud emas.

Abdurashid RAHIMOV,

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.