Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangi yil arafasida Samarqandda 46948 oila moddiy yordam oladi

Prezidentning 2021 yil 21 dekabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, shu yilning dekabr oyida “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga, shuningdek, 18 yoshga to‘lmagan farzandlari bor boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi hamda 18 yoshgacha bolalar uchun nogironlik nafaqasini oluvchi oilalarga 800 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati hokimi tomonidan 23 dekabrda qabul qilingan qarorda moddiy yordam pullarini shu yilning 30 dekabriga qadar oilalarga yetkazish belgilandi.

Samarqand viloyati hokimligi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatdagi 1049 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lgan 14093 oila ushbu bir martalik moddiy yordam mablag‘lari ajratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi tomonidan 18 yoshga to‘lmagan farzandlari bor boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi hamda 18 yoshgacha bolalar uchun nogironlik nafaqasini oluvchi oilalar ro‘yxati ham shakllantirilgan.

– Bugungi kunda viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida ushbu toifadagi oilalar 32 ming 855 tani tashkil etishi aniqlandi, – deydi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Ne’matov. – Ularning ro‘yxatlari tuzilib, bir martalik moddiy yordam to‘lash bo‘yicha dalolatnomalar Xalq bankiga taqdim etildi. Bayramgacha bu oilalar 800 ming so‘mdan moddiy yordam pulini oladi.

Yangi yil bayrami arafasida viloyat bo‘yicha 46948 oilaga jami 37 milliard 558 million 400 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.