Samarqand shahridagi “Do‘stlik uyi”da Navro‘z bayrami tadbiri bo‘ldi
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda doshqozonlarda bahor taomlari – sumalak, halisa, palov, un oshi tayyorlandi, turli millatlar oshxonasiga xos bo‘lgan yuzga yaqin taomlar tortildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamatqulov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev viloyatimizda faoliyat olib borayotgan ozarbayjon, koreys, arab, tojik, rus, polyak kabi 11 ta milliy-madaniy markazlarning turli millat va elatlar vakillari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkam saqlash, ularning diniy e’tiqodlari va milliy his-tuyg‘ularini hurmat qilishni ta’minlab kelayotganligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, yurtimizda qadimdan yashab kelayotgan turli millat vakillari ham Navro‘zni ulug‘ bayram sifatida nishonlab kelayotgani aytildi.
- Har yili Navro‘zni nishonlab kelgan bo‘lsak-da, turli millat vakillari bilan birgalikda ilk bora bayram qilyapmiz, - deydi viloyat arab milliy-madaniy markazi rahbari Xushbaxt Xudoyqulov. – Tadbir viloyatimizda istiqomat qilayotgan 30 mingdan ziyod arab diasporasi vakillari nomidan millatimizga xos urf-odatlar, kiyim-kechaklar va taomlarimizni namoyish etmoqdamiz.
Tinchliksevar millatlar vakillarini jam qilgan “Do‘stlik uyi”da o‘tkazilgan bayram tantanalari barchaga o‘zgacha ruh va kayfiyat bag‘ishladi.