Samarqanddagi ikki maktabga sakkiz elning maqol va ertaklari kitobi topshirildi

Samarqand shahridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va do‘stlik uyida O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi hamda respublika tojik milliy madaniy markazi hamkorligida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi rahbari Qobiljon Sobirov, respublika tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandon Subhonova qatnashib, mamlakatimiz aholisining besh foizini tojik millatiga mansub aholi tashkil etishini ta’kidladi. Bu ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar qo‘shni Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi chegaraning ochilishi bilan yanada rivojlanayotgani va qardoshlik mustahkamlanayotgani aytildi.

- Samarqandda “Do‘stlik uyi”ning tashkil etilishi ham boshqa millat vakillari bilan birdamliklaringizning namunasi, - dedi mehmonlar.

Shuningdek, boshqa millat va elatlar bilan do‘stlik birodarlik namunasi sifatida “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni ta’sis etilayotganini bildirishdi.

Tadbirda tojik tilida dars o‘tiladigan Urgut tumanining Soyg‘o‘s qishlog‘idagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda Samarqand tumanining O‘rta Ohalik qishlog‘ida joylashgan 18-maktab namunali faoliyat ko‘rsatayotgani uchun kutubxonasiga o‘zbek tilida nashr etilgan “Sakkiz elning sakson sakkiz ertagi” hamda “Sakkiz elning son-sanoqsiz o‘gitlari” kitoblari topshirildi. Kitoblarda hind, qozoq, qirg‘iz, xitoy, Pokiston, rus, tojik, o‘zbek xalq o‘gitlari, maqollari va ertaklarining eng saralari joylangan. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va respublika tojik milliy madaniy markazi tomonidan ham kitoblar berildi.  

Kelgusida hamkorlikda turli tadbirlar o‘tkazishga hamda bu kitoblarni boshqa tillarga ham tarjima qilishga kelishib olindi. Samarqandda sakkiz elning madaniyati ko‘rgazmasini o‘tkazish ham rejalashtirilayotgani barcha tadbir ishtirokchilarini quvontirdi.

Davra suhbati davomida "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universiteti bilan shu yilning fevral oyida memorandum imzolanganligi aytib o‘tildi.

Husan Eltoyev.