Yangi rahbar «chernobilchi»lar muammolarini hal qila oladimi?
Samarqand shahridagi «Do‘stlik uyi»da bo‘lib o‘tgan Chernobilchilar uyushmasi viloyat bo‘limining konferensiyasida uyushmaning yangi rahbari saylandi.
Ma’lumki, 1986 yilning 26 aprelida Chernobil atom elektrostansiyasida kuchli portlash natijasida sodir bo‘lgan avariya oqibatlarini bartaraf etishda minglab samarqandliklar ham ishtirok etgan edi. Bugungi kunda ularning ko‘pchiligi oramizda yo‘q. Chunki, nurlanish sababli yuzlab insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan texnogen falokat yurtdoshlarimizning ham umriga zomin bo‘ldi.
- Viloyatimizda istiqomat qilayotgan atom elektrostansiya avariyasini bartaraf etishda ishtirok etganlar soni yildan yilga kamayib bormoqda, - deydi sobiq «chernobilchi» Komiljon Rahmonov. – Chunki ular radiatsiya o‘chog‘ida harakat qilganligi sababli kuchli nurlanishga uchrab qaytishgan. O‘tgan 38 yil ichida ularning ko‘pchiligi vafot etishdi.
Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, radiatsiya ta’siri hamon o‘z so‘zini aytib kelmoqda. Minglab yurtdoshlarimiz nurlanish natijasida salomatligini yo‘qotgan. Hozirda ularning bor-yo‘g‘i 226 nafari hayot.
«Do‘stlik uyi»da o‘tkazilgan tadbirda Bahodir Safarov O‘zbekiston Chernobilchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi etib saylandi. Shuningdek, komissiya raisi va kotibi ham saylab olindi. A’zolar ishtirokida o‘tgan rayosat yig‘ilishida ularning soliq, pensiya va nafaqa, salomatliklarini tiklash uchun beriladigan orderlar masalasidagi muammolari muhokama qilindi.
- Qariyb o‘n yildan buyon uyushmaning viloyat bo‘limiga rahbar yo‘qligi sababli tashkilotning faoliyati deyarli to‘xtab qolgan edi, – deydi Bahodir Safarov. – Shu sababli ko‘pchilik chernobilchilar o‘z imtiyozlaridan yetarlicha foydalanmay kelishgan. Ularning ko‘pchiligi soliq, nogironlikni aniqlash, pensiya va davolanish uchun order olishda ko‘plab muammolarga duch kelgan.
Yig‘ilishda barcha shahar va tumanlardan chernobilchilar ishtirok etib, o‘z fikrlarini bayon etishdi. Ma’lum bo‘lishicha, bir qator tumanlarda uyushmaning filiallari faoliyat ko‘rsatmayotganligi, ularga hatto bino ham ajratilmaganligi, shuningdek, ayrim chernobilchilar o‘z muammolari bilan kimga murojaat qilishlarini bilmasliklarini ta’kidlashdi.
Tadbirda Chernobil falokati qatnashchilarining salomatligi, ularning ijtimoiy himoyasi, tibbiy muhofazasi doimiy e’tibordagi ekanligi, bu borada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar tinglandi va tashkilot oldidagi vazifalar belgilab olindi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.