Sochsiz, tishsiz odamlar – Chernobil fojiasi asorati
Chernobil... Ukrainadagi bu kichkina shaharchaning nomi, bundan 10 yil ilgari ko‘pchilikka yaxshi ma’lum emasdi. 1986 yilning 25 aprelidan 26 apreliga o‘tar kechasi Atom elektr stansiyasining 4-blokidagi avariyadan so‘ng bu shahar butun jahonga «mashhur» bo‘lib ketdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay avariya oqibatlarini tugatish uchun Respublikamizdan ham minglab «ko‘ngilli»lar Chernobilga jo‘natildi. Aslida oddiygina avariya deganlari ko‘plab, odamlar hayotiga zomin bo‘lgan yigirmanchi asr fojiasi edi. Dastlab sobiq SSSR partiya va Sovet hokimiyati avariyaning asl sabablari va qurbonlarini xalqdan yashirmoqchi bo‘ldi. Shu yilning yozida chet ellik jurnalistlarni avariya yaqiniga yo‘latishmadi.
May oyining boshlarida Germaniya, Gollandiya va boshqa davlatlar o‘z xalqiga murojaat qilib, sovetlar mamlakatidan eksport qilingan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslikka, bu yurtga sayohat uyushtirmaslikka undadi.
Chernobilga 400 dan ortiq chet el jurnalistlari va mutaxassislar tashrif buyurgandan keyin – 1987 yilning fevral oyidan xalqaro “Kombinat” aloqa ishlab chiqarish birlashmasi dastlabki xabarlarni chet elga uzatishni boshladi. Chernobil avariyasi oqibatlarini tugatish uchun katta mablag‘ va kuch sarflandi. Bu harakatlarga 40 dan ortiq ministrlik va yirik idoralar jalb etildi. 260 ming kishi ushbu safarbarlikda ishtirok etdi. Aniqroq qilib aytganda, bu fojia mamlakatda o‘sha paytda 8 milliard so‘mga tushdi. Tez orada Chernobil fondi tashkil etilib, banklarda 904-nomerli hisob ochildi. Qisqa vaqt ichida bu hisobga sobiq SSSR shahar va qishloqlaridan, fuqarolardan 540 million so‘m chet ellardan 2.7 million dollar kelib tushdi. Avariyaning dastlabki kunlaridayoq 237 kishi kuchli nurlanish olgani ma’lum bo‘ldi. Tez orada Kiyev va Minskda nurlanish kasalligini davolovchi kasalxonalar ish boshladi. Bu kasallikni davolovchi mutaxasislar kamligidan chet ellik vrachlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. Baribir bu kasallik oqibatida (kuchli nurlangan) kuniga o‘nlab odamlar nobud bo‘ldi. «Yunayted press» agentligining xabariga qaraganda avariyadan keyingi ikki yil ichida 2 ming kishi o‘lgan.
“Sovetskaya Belorussiya” va “Vecherneye Minsk” gazetalarining yozishicha, avariyadan keyin 2 soat ichida 30 kilometrlik radiusdagi aholi zudlik bilan xavfsiz zonalarga ko‘chirilgan. Hatto, ularning ayrimlari bir sidra kiyim-bosh bilan uy-joyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan. Uy – joylarini tashlab chiqib ketganlar uchun qisqa vaqt ichida energetiklar shahri – Slavutichda 21 ming uy, 15 mingta kvartira, 800 ta maishiy va madaniy binolar qurildi. Qariyalar, bolalar va ayollar boshqa respublikalarda oylab o‘z sog‘liklarini tiklashdi.
To‘g‘ri, avariya sababchilari bo‘lgan AES direktori V.Bryuxanov, bosh muhandis N.Folgin, bosh muhandis o‘rinbosari A.Dyatlov sud hukmi bilan 10 yildan ozodlikdan mahrum etildilar. Shuningdek, smena boshlig‘i I. Roshtkin, reaktor sexi boshlig‘i A.Kadalenko, sobiq SSSR Gosatomenergonadzor inspektori Yu.Paushkinlar turli muddatlarga qamaldi.
Guyo shu bilan haqiqat qaror topdi. Aslidachi? Hozirgi paytda ham Gomel, Minsk, Mozir, Grodno shaharlarida bo‘lsangiz yosh-yalanglarning sochsiz va tishsiz yurganini ko‘rish mumkin. Bu kasallik emas — Chernobil asorati.
Bundan keyin hech kimning boshiga chernobilliklarning kuni tushmasin.
Internet materiallari asosida
Izzatulla Norquvvatov tayyorladi.