Samarqandda o‘nlab nemis millati oilalari yashaydi
Bugungi kunda viloyatimizda 120 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qilib keladi. Jumladan, Samarqand shahridagi “Do‘stlik uyi”da viloyat nemis milliy markazi faoliyat olib boradi. Viloyatda nemis millatiga mansub 100 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ular orasida tadbirkorlar, o‘qituvchi, quruvchi, shifokor va boshqa kasb egalari bor.
- Ona Vatan yurakda bo‘ladi, - deydi nemis diasporasi faoli, 73 yoshli Valentina Aliyeva. - Turli millat va elatlarga bag‘rini ochadigan makonda og‘a-ini, do‘st-birodar, quda-anda, bir xalq bo‘lib, ahillikda umrguzaronlik qilib kelyapmiz. Shu sabab ham bir maqsad atrofida darrov birlashamiz.
Samarqand shahridagi nemis tiliga ixtisoslashgan 51-umumta’lim maktabi o‘quvchilari 1-sinfdanoq mazkur tilni chuqurlashtirilgan holda o‘rganib borishadi. Nemis millatiga mansub aholining farzandlari ham shu maktabga qatnab o‘qiydi.
- Hukumatimiz va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan markazimiz nemis tilidagi gazeta va jurnallar, kitob va boshqa o‘quv qurollari bilan ta’minlangan, -deydi viloyat nemis milliy markazi raisi Natalya Klyotser. – Farzandlarimiz ular bilan tanishib, nemis milliy madaniyati, urf-odatlari va qadriyatlarini o‘rganib borishmoqda. Shuningdek, o‘nlab yoshlarimiz markazda tashkil etilgan to‘garaklarda nemis tilini o‘rganish bilan birga ona Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, milliy liboslar bichish va tikishni o‘rganib borishadi. Yurtimizda o‘tayotgan Mustaqillik, Navro‘z, Konstitutsiya bayramlarda, festivallarda nafaqat ashula va raqs guruhimiz bilan balki shtrudel, revalkuxe, pudelsup kabi nemis milliy taomlari bilan ham ishtirok etamiz.
Markaz a’zolari – mamlakatimizdagi boshqa nemis milliy markazlari vakillaridan tashqari Germaniyada yashovchi nemislar bilan ham o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatishgan.
Markaz vakillari Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari T.Osmanova va K.Troshina malaka oshirish maqsadida Germaniyaga borib, ajdodlarining madaniyati, kuy-qo‘shiqlari, yashash tarzi, urf-odatlarini o‘rganib kelishdi.
Ikki yildan buyon Germaniya, Avstriya, Fransiya, Shvetsiya davlatlarida istiqomat qilayotgan nemis millatiga mansub 26 nafar sayyoh yurtimizga sayohat qilib, nafaqat nemislar, balki mahalliy aholi hayoti bilan yaqindan tanishadilar.
- O‘zim qishloqda yashayman, ular har safar hovlimizga kelib, mehmon bo‘lib ketishadi, -deydi V.Aliyeva. – Qo‘shnilarimiz oddiy o‘zbek oilasining yashash sharoiti va hayoti bilan qiziqishadi. Ayollarimizning kashta tikayotgan, non yopayotgan, palov pishirayotgan holatlarini suratlarga olishadi. To‘ylarimizga kelib, mehmon bo‘lishadi, raqslarga tushib, bag‘rikeng va mehmondo‘st xalqimiz bilan yaqindan tanishadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.