Samarqand shahriga 18 ming gektar yer qo‘shiladi
Viloyatimizni turistik hududga aylantirish maqsadida shaharga Samarqand, Past Darg‘om, Toyloq va Oqdaryo tumanlaridan 18 ming gektar yer maydoni qo‘shiladi. Viloyat markazi Samarqand tumani Gulobod qo‘rg‘oniga ko‘chiriladi. Shaharda boshqaruv tizimini yanada yaxshilash uchun kelgusi yildan Samarqand shahri tarkibida tumanlar tashkil etiladi.
Yil yakunigacha xorijlik loyihachilar jalb etilib, Samarqand shahri hududining kengayishini hisobga olib, bosh reja loyihasi qayta ko‘rib chiqiladi.
Joriy yilda Samarqand shahrining Qorasuv massivida 3500 xonadonli 29 ta 16 va 25 qavatli uy qurilib, foydalanishga topshiriladi. Kelgusi yillarda shaharning vokzal orti hududidagi 3 mingga yaqin eski hovlilar o‘rnida 100 mingdan ortiq aholi uchun 29 ming xonadonli 474 ta ko‘p qavatli zamonaviy uylar quriladi. Shirin massivida 295 gektar maydonda 90 ming aholiga mo‘ljallangan shaharcha bunyod etilib, 148 ta ko‘p qavatli uy, 85 gektar maydonda parklar va dam olish maskanlari barpo etiladi. Moliya vazirligi joriy yilda mazkur uy-joylar qurilishi uchun viloyat hokimligiga 2 yil muddatga 200 milliard so‘m ssuda mablag‘ini bosqichma-bosqich ajratadi.