Samarqand tarixi va buguni ShHTga a’zo davlatlar rassomlari asarlarida aks etdi
Samarqand shahridagi “Chorsu” galeriyasida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida “Ijodimizni birlashtirgan Samarqand ruhi” nomli xalqaro ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tashkilotga a’zo sakkiz davlat va boshqa mamlakatlar rassomlari ishtirok etgan tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov kirish so‘z bilan ochdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston va boshqa davlatlardan kelgan 40 nafarga yaqin rassom o‘z ijod namunalarini namoyish qildi.
- Mazkur ko‘rgazma ShHTga a’zo davlatlarning mahoratli rassomlarini birlashtirdi, - deydi qirg‘izistonlik rassom Yaxshibek Junushev. – Albatta, bu xalqaro darajadagi turizm va san’at sohasidagi aloqalarni mustahkamlashda, ijodkorlar bilan tajriba almashish hamda mahoratimizni dunyoga tanitishda yordam beradi. Sammit oldidan har bir ijodkor O‘zbekistonning tarixiy obida va majmualari, urf-odati, yashash tarzi aks etgan to‘rttadan asar ham yaratdi. O‘zbekiston deganda ko‘z oldimga birinchi navbatda tarixiy shahar - Samarqand keladi. Shuning uchun ham asarimda Bibixonim madrasasi va Samarqandning diqqatga sazovor maskanlarini tasvirladim.
Tadbir davomida rassomlarga Turizm va madaniy meros vazirligining sertifikat va sovg‘alari topshirildi.
Mazkur ko‘rgazma 7 kun davom etadi.