Samarqand tumani qishloqlari qachon obod bo‘ladi?
“Obod qishloq” va Obod mahalla” dasturlari doirasida Samarqand tumanidagi 5 ta ijtimoiy soha ob’yektlariga 2,1 milliard so‘m (23 foiz) mablag‘lar moliyalashtirilgan. Bugungi kungacha 5,7 milliard so‘mlik (63 foiz) qurilish-montaj ishlari bajarilgan.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida tumanda dasturda belgilangan ishlarda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, belgilangan ob’yektlar foydalanishga topshirilmayotgani aytib o‘tilgan.
Xususan, Pulimug‘ob qishlog‘ida 42-maktabda qurilish-montaj ishlari 70 foizga bajarilgan. Qishloqda rejalashtirilgan 1,4 kilometr elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari to‘xtab qolgan. Bundan tashqari, ushbu hududda rejalashtirilgan 11,3 kilometr melioratsiya ob’yektlarini qurish, ta’mirlash va tiklash ishlari umuman bajarilmagan.
Shu paytgacha ish boshlashi kerak bo‘lgan 7 ta bozor infratuzilma ob’yektlaridan birortasi foydalanishga topshirilmagan. Gulobod qishlog‘idagi 1 ta maktab va 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qurlishi bugungi kungacha to‘liq bajarilmagan. Ushbu ob’yektlarda qurilish-montaj ishlari bor-yo‘g‘i 56,5 foizga uddalangan, xolos. Qishloqda 1,4 kilometr piyodalar yo‘laklari qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda bu ko‘rsatkich 0,6 kilometrga bajarilgan.
Parrandachilik qishlog‘idagi maktabgacha ta’lim tashkiloti va tez tibbiy yordam shoxobchasi hanuz foydalanishga topshirilmagan. Rejadagi 1 ta transformator punkti qurilishi mutasaddilarning beparvoligi oqibatida bugungi kungacha yakunlanmagan.
Y.GADOYEV.