Samarqand tumanlaridagi ixtisoslashtirilgan maktablar soni ko‘paytiriladi

Bu haqda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov jurnalist va blogerlar bilan o‘tkazilgan “Xalq ta’limi sohasidagi islohotlar va ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyat xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusidagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Viloyat Matbuot uyida tashkil etilgan anjumanda boshqarma boshlig‘i tomonidan bugungi kunda xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, maktablarning milliy reytingdagi o‘rni, ta’lim sifati past maktablardagi mavjud muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari, oliy toifali metodistlarni ko‘paytirish va ularning oylik maoshini, ta’lim sifatini oshirishda “Samarqand tajribasi” haqida ma’lumot berildi.

- Bugun viloyatimizda 55 mingdan ortiq o‘qituvchilar faoliyat yuritadi, - deydi S.Usmonov. – Ularning 1049 nafari oliy toifali o‘qituvchilardir. Oliy toifali o‘qituvchilarni ko‘paytirish bo‘yicha tizimli ishlar amal oshirilayapti.

Ta’lim sifatini oshirishda uslubchilarning o‘rni katta. Ammo oylik ish haqi pastligi uchun ularning faoliyati ko‘p maktablarda tashkil etilmagan. Shu bois ularning oyligini oshirish orqali maktablarda metodistlarni ko‘paytirmoqchimiz.

2019-2020 o‘quv yilida 53583 nafar bitiruvchining 5359 nafari o‘qishga kirgan. O‘tgan o‘quv yilida 324 ta maktabning birorta o‘quvchisi o‘qishga kira olmagan bo‘lsa, 2019-2020 o‘quv yilida bu 147 tani tashkil etdi.

Agar tahlillarga qaraydigan bo‘lsak, viloyatda faoliyat yuritayotgan ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktablarining 80-70 foiz o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Jumladan, Samarqand shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 37 nafar bitiruvchisidan 30 nafari, Oqdaryo tumanidagi 52-ixtisoslashtirilgan davlat umuta’lim maktab-internatining 45 nafar bitiruvchisidan 34 nafari talaba bo‘lgan. Shuning uchun har bir tumanda ixtisoslashtirilgan maktablarni ko‘paytirishni rejalashtirganmiz.

Viloyatda Prezidentimizning yangi Farmon va Qarorlarining ijrosini ta’minlash, mavjud kamchiliklarni tizimli ravishda hal etish maqsadida 2020 yil 16 noyabr kuni Samarqand viloyati hokimining qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan viloyatda ta’lim sifati va samaradorligi bo‘yicha eng ko‘p muammolar mavjud bo‘lgan Past Darg‘om va Urgut tumanlarida “Samarqand tajribasi” yo‘lga qo‘yiladi. Samarqand davlat universiteti Urgut tumaniga, Samarqand davlat chet tillar instituti Past Darg‘om tumaniga va viloyatimizda mavjud 8 ta oliy ta’lim muassasalari tumanlarga biriktirildi. Shu bilan birga maktab o‘qituvchilarining bilim darajasini oshirish va mustahkamlash, ularni doimiy ravishda o‘z ustida ishlashini tashkil etishga qaratilgan “Ustozlar bellashuvi”ni o‘tkazish belgilandi.

Joriy yilda Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika va fizika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati tashkil etildi.

Maktab-internatga ayni paytda umumta’lim maktablarining 7- va 8-sinfida ta’lim-tarbiya olayotgan 120 nafar (60 nafar 7-sinf, 60 nafar 8-sinf) iqtidorli o‘quvchi-yoshlar tanlov asosida qabul qilinadi. Maktabda o‘quvchilarning matematika, fizika, informatika va ingliz tili fanlarini chuqur o‘rganishi, ushbu fanlardan respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi ta’minlanadi.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar umumta’lim muassasalaridagi korrupsion holatlarning oldini olish, o‘qituvchilar bilim saviyasini oshirish, sport bilan shug‘ullanishini doimiy tashkil etish va boshqa masalalarga doir savollariga javob qaytarildi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.