Samarqand va Olmaota o‘rtasi endi bir qadam
Samarqand va Olmaota shaharlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha dastlab joriy yilning 8 iyunida “Samarqand-Olmaota-Samarqand” yo‘nalashida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ilk parvoz amalga oshirilgan edi.
Bugun Samarqand xalqaro aeroporti “Air Astana” aviakompaniyasi tomonidan “Olmaota-Samarqand-Olmaota” yo‘nalishida ilk parvozni amalga oshirgan samolyotni qabul qildi.
Ilk parvozni kutib olish maqsadida tashkil etilgan tantanali marosimda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Botir Nurillayev, Qozog‘istonning Samarqanddagi konsuli Arsen Abdurahmonov, “Samarqand xalqaro aeroporti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Murodjon Jamolov ishtirok etib, yangi avia yo‘nalishning nechog‘lik ahamiyatli ekanligini ta’kidlashdi.
- Qozoq va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik aloqalari qadimiy asosga ega, shu bois bugungi kunda ham ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik har tomonlama mustahkam bo‘lishi zarur, - deydi Qozog‘istonning Samarqanddagi konsuli Arsen Abdurahmonov. – Shu maqsadda ikki davlat rahbarlari tashabbuslari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Yaqindagina Samarqandda mamlakatimizning Bosh konsulxonasini tashkil qilgan edik. Mana o‘zaro aviaqatnovlarimiz ham yo‘lga qo‘yildi. Bu xalqlarimizning yanada yaqinligini, do‘stligini, hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Samarqand xalqaro aeroporti” mas’uliyati cheklangan jamiyati axborot xizmati tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Samarqand-Olmaota-Samarqand” yo‘nalishidagi parvozlar haftaning seshanba va shanba kunlari amalga oshirilsa, “Olmaota-Samarqand-Olmaota” yo‘nalishi bo‘yicha chorshanba va yakshanba kunlari aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan.
Ta’kidlash joizki, Samarqand xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va modernizatsiya ishlari dunyoning yetakchi aviatashuvchilari tomonidan yuqori baholanib, xalqaro hamkorlik aloqalarida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu borada belgilangan chora-tadbirlar doirasida tez orada Samarqanddan Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlariga muntazam aviaqatnovlarni tiklash rejalashtirilgan.
Alisher Isroilov.