Samarqand viloyati hokimi Erkinjon TURDIMOV:

- Tumanlardagi qabullar jarayoni aholiga, rahbarlarga, qolaversa, menga ham saboq bo‘lyapti. Muloqot jarayonida Prezidentimiz g‘oyalari nechog‘lik hayotiy ekanligini anglab yetyapmiz. Bir-birimizdan o‘rganyapmiz, bir-birimizga o‘rgatyapmiz.

Men uchun muhimi, mutasaddilarda u yoki bu muammo yechimiga erishish barobarida kelgusida shunday muammolarning oldini olish choralarini ko‘rish ko‘nikmasini shakllantirishdir.

Ba’zilarda «Bu menga tegishli masala emas-ku, nega uni menga topshirdi», degan fikr bo‘lishi tabiiy. Unutmaylikki, ana shunday munosabatimiz tufayli hayotimizda bir xil muammolar yuzaga kelgan. Bu muammolarning eng to‘g‘ri yechimi ham ularga nisbatan nuqtai nazarimizni o‘zgartira olishimizda.

Jamiyatdan, o‘z hayotidan norizo kishi atrofdagilarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, o‘zini uddalash, birovga yordam berish fikridan yiroq bo‘ladi. Alamzadalik ezgu ishlarga yo‘l bermaydi.

Shu bois murojaat qilganlarga ko‘maklashish uchun nafaqat mutasaddi idoralar rahbarlari, balki deputatlarni, jamoat va nodavlat tashkilotlari, hatto OAV vakillarini ham jalb etyapmiz. Misol uchun, o‘zining yoki birovning xatosi tufayli moddiy zarar ko‘rgan, taqdir sinoviga dosh berolmagan fuqaroni ko‘pchilik bo‘lib qo‘llasak, qonuniy yo‘l bilan unga yordam bersak, o‘zaro nizolarini yechishda ko‘maklashsak, tomorqasidanmi yoki bankdan kredit olibmi, daromad olishga o‘rgatsak, nafaqat bir oilada, hatto o‘sha mahallada ham ko‘p muammolar o‘z-o‘zidan yechiladi.

O‘zini tutib olgan, uddalagan kishi alamzadalikdan qutuladi, bolalari taqdirini o‘ylaydi, islohotlarimizga xayrixoh bo‘ladi. Buning uchun jamiyatdagi barcha kuchlar bir maqsad sari hamkorlik qilishi zarur.