Samarqand viloyati hokimi Erkin TURDIMOV:
- O‘tkazilayotgan sayyor qabullar bizga xalq hayotini yanada chuqur o‘rganishga yordam berish barobarida aholi huquqiy savodxonligini oshirishga imkon beradi. Har bir rahbar bundan oqilona foydalanishi zarur. Ba’zida ayrim keksalar eng yaxshi, qulay yerdan joy ajratishimizni so‘rashadi. Nuroniylar uchun choyxona quraman, deydi. Vaholanki, bunday shoxobcha tadbirkorlikka kiradi, daromad topish uchun quriladi. Keksadir, yoshdir unga kirishi, pulini to‘lab tamaddi qilishi mumkin. Hatto shaxmat-shashka o‘yini, trenajyorlari ham pullik bo‘ladi. Demak, qulay joyga ega bo‘lmoqchi bo‘lgan “sarmoyador” turibdi.
Yoki yangi uy-joylar qurilishidagi nizolar bo‘yicha murojaatlarni olaylik. O‘nta xonadon egasidan, ikkitasi o‘zi turgan uyidan 3-4 baravar qimmat joy so‘raydi. Chunki uy olish barobarida boshqa yana bir rejasini ham amalga oshirmoqchi bo‘ladi. Unga o‘zi yashab turgan uy yoki hovli holatini to‘g‘ri tushuntirishimiz, yangi berilayotgan uy bilan taqqoslab ko‘rsatishimiz, agar shu uyini yangidan qursa, qancha mablag‘ ketishini tahlil qilib berishimiz lozim. O‘z navbatida quruvchiga ham “issiq joyini sovutayotgan” fuqaro ruhiyatini anglash, uning hatto parvarishlagan daraxtini ham baholashni o‘rgatishimiz zarur.
Yer ajratish, qurilish tartib-qoidasidan xabardor kishilar noqonuniy, noto‘g‘ri murojaatlardan tiyilishadi, deb o‘ylayman.