Samarqand viloyati hokimiga axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi tayinlandi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning 2019 yil 16 avgustdagi farmoyishi bilan Mirzayev Manuchehr Boborahimovich Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, viloyat hokimining 2019 yil 16 avgustda qabul qilingan qarori bilan viloyat hokimligi boshqaruv apparati tuzilmasiga belgilangan umumiy shtat birligi va mehnat haqi fondi doirasidan chiqmagan holda o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi hamda axborot xizmati ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan aloqalar, veb-resurslar va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassis lavozimlari joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi axborot siyosati masalalari bo‘yicha viloyat hokimining maslahatchisi maqomiga ega bo‘lib, mehnatga haq to‘lash va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra, viloyat hokimining o‘rinbosariga tenglashtiriladi.