Samarqand viloyati hokimining qarori
SAMARQAND VILOYaTIDA DAVLAT KO‘ChMAS MULKIDAN FOYDALANGANLIK UChUN 2018 YILDA QO‘LLANILADIGAN IJARA TO‘LOVINING ENG KAM STAVKALARI HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasining "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi qonuni 6 va 25-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 8 apreldagi "Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2018 yil 23 yanvardagi kelishuvini inobatga olib, QAROR QILAMAN:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2018 yil 23 yanvardagi xati ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat moliya, statistika boshqarmalari, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat "Yermulkkadastr" xizmati va "Samarqand viloyat davlat mulkini ijaraga berish markazi" davlat unitar korxonasining davlat ko‘chmas mulkini ijaraga berishda 2018 yilda ijara to‘lovining tayanch stavkasini hisoblab chiqish bo‘yicha koeffitsiyentlarni aniqlash to‘g‘risidagi taklifi ilovaga muvofiq ma’qullansin.
3. Samarqand viloyatidagi davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun 2018 yilda ijara haqining 2018 yil uchun 1 kv.m.ga eng kam miqdordagi stavkalari 1-ilovaga;
ijara to‘lovini (ijara to‘lovining tayanch stavkasini) hisoblab chiqish tartibi va qo‘llanadigan koeffitsiyentlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Davlat mulki bo‘lgan binolar va xonalarda joylashgan byudjet tashkilotlari uchun ijara to‘lovining "nol" stavkasi qo‘llanilishi belgilab qo‘yilsin.
5. "Samarqand viloyat davlat mulkini ijaraga berish markazi" davlat unitar korxonasi (B. Payshanov) davlat mulkini ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnomalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 8 apreldagi "Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 102-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida rasmiylashtirib, ijaraga berilgan davlat mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli ravishda viloyat moliya bosh boshqarmasi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasiga taqdim etib borsin.
6. Viloyat hokimining 2016 yil 30 dekabrdagi "Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 336-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
7. Ushbu qaror "Zarafshon" gazetasida e’lon qilinsin hamda hokimlikning samarkand.uz rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Samarqand viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev zimmasiga yuklansin.
Viloyat hokimi T.JO‘RAYeV.
2018 yil 8 fevral.
(Qarorning ilovalari bilan viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti – samarkand.uz da tanishishingiz mumkin).