Samarqand viloyatida 186 ta qaror va farmoyishlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan

Viloyat hokimligi viloyat adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda “Tuman shahar hokimlarining qaror va farmoyishlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq ko‘rilgan ishlar bo‘yicha nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar, nizo chiqishining oldini olish hamda qonun hujjatlarini amalda qo‘llash masalalari” yuzasidan joriy yilning 9 iyul kuni Samarqand viloyat hokimligida seminar o‘tkazildi. Unda viloyatdagi boshqarma va hududiy bo‘lim rahbarlari va mas’ul xodim qatnashdi.

Tadbirda viloyatda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama etildi. Masalan, 2018 yilda viloyat bo‘yicha hokimlik qaror va farmoyishlaridan 186 ta qaror va farmoyishlar huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari tomonidan haqiqiy emas deb topilgan. Jami 186 ta hujjatlarning 28 tasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tomonidan, 29 tasi ma’muriy sudlar, 129 tasi prokuratura tomonidan bekor qilingan. Shundan jami 60 ta hokim qarorlarining qariyb 90 foizida yer munosabatlariga oid qonun hujjatlari talabi buzilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi tomonidan 2018 yilda 600 dan ortiq yer maydonlarini ajratish bo‘yicha ishlar ko‘rilgan.

Shunisi achinarliki, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan bekor qilingan jami 28 ta qarorlarning 13 tasi Samarqand shahar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Oqdaryoda 5 ta, Ishtixonda va Tayloqda 3 ta, Qo‘shrabot, Payariq, Nurobod, Pastdarg‘om tumanlarida 1 holatda noqonuniy qarorlar sud tomonidan bekor qilingan.