Samarqand XVI Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumiga mezbonlik qiladi
2-3 noyabr kunlari “Silk Road Samarkand” sayyohlik markazida Italiyaning “Yevroosiyoni anglaymiz” notijorat uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan XVI Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumi o‘tkaziladi.
Forum biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, tadbirkorlar o‘rtasida erkin muloqot, biznes aloqalar va muzokaralar uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuvlar doirasida o‘nlab mamlakatlarning xususiy va davlat kompaniyalari vakillari keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha fikr almashish imkoniga ega bo‘ladi.
Forum sessiyalarida Yevropa va Osiyoning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari, siyosat va jamoat arboblari, mutaxassislar, diplomatlar, xalqaro va hududiy tashkilotlar vakillari qatnashadi.
O‘nlab mamlakatlardan mingga yaqin ishtirokchi, xususan, O‘zbekiston bilan biznes aloqalarini olib borish va o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan aloqa o‘rnatishdan manfaatdor italiyalik yirik tadbirkorlar delegatsiyalari kelishi kutilmoqda.
Madaniy dastur doirasida Italyan kinosi festivali, italiyalik ijrochilar “San-Remo yulduzlari” konserti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, birodar tarixiy shaharlar – Florensiya va Samarqandning keramika ko‘rgazmasi tashkil qilinadi.
Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumi Italiyaning Verona shahrida 2007 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. 2022 yilda Ozarbayjonning Boku shahri tadbir mezboni edi. 2023 yilda esa tarixiy Samarqand shahri XVI Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumi o‘tkaziladigan joy sifatida tanlandi.
G‘.Hasanov.