Samarqandda 100 ga yaqin jinoyat ishlari oqibatida byudjet 8 milliard 688 million so‘m zarar ko‘rgan
177 nafar mansabdorning turli ko‘rinishdagi korrupsiyaviy jinoyatlari sabab byudjetga 20,9 milliard so‘mdan ko‘proq moddiy zarar yetkazilgan.
Oxirgi to‘rt yilda korrupsiyaga batamom chek qo‘yish bo‘yicha ham huquqiy, ham tashkiliy jihatdan keng ko‘lamli choralar ko‘rilyapti. Xususan, huquqiy asoslarni yaratishga e’tibor berilib, 70 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.
Bundan tashqari, 2020 yil va joriy yilning o‘tgan davrida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida viloyat prokuraturasi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda 420 dan ortiq uchrashuv, seminar va davra suhbatlari o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlari orqali 115 marta chiqishlar qilingan.
Amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin ko‘zlangan natijalarga hali to‘liq erishilgani yo‘q, afsuski, ayrim rahbarlarning o‘z shaxsiy manfaatini jamiyat manfaatidan ustun qo‘yishi islohotlar yo‘liga g‘ov bo‘lmoqda.
Negaki, viloyatimizda 2020 yil va joriy yilning o‘tgan davrida 177 nafar mansabdor shaxslar turli ko‘rinishdagi korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortildi. Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 20,9 milliard so‘mdan oshadi.
Mazkur jinoyatlarning 31 tasi sog‘liqni saqlash, 18 tasi xalq ta’limi, 18 tasi ichki ishlar, 16 tasi maktabgacha ta’lim, 9 tasi bank, 6 tasi oliy ta’lim, 6 tasi Majburiy ijro byurosi, 4 tasi soliq, 1 tasi advokatlar, 62 tasi boshqa korxona, tashkilot xodimlari tomonidan sodir etilgan.
Tahlillar byudjet pullarini talon - toroj qilishning turli korrupsiyaviy sxemalari keng ildiz otganligini ko‘rsatmoqda. O‘rganish va tekshirishlarda aniqlangan holatlarga ko‘ra, prokuratura organlari tomonidan 93 ta jinoyat ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan dastlabki tergov hamda tekshirishlarda byudjetga 8 milliard 688 million so‘m zarar yetkazilganligi aniqlanib, 8 milliard 510 million so‘mi byudjetga qaytarilishi ta’minlangan.
O‘tkir Mamatqulov,
viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.