Samarqandda 13 ming tonna mayiz eksport qilindi
Jahon bozorida o‘z xaridorlarini topib ulgurgan O‘zbekistonning quritilgan mevalari ichida aynan mayiz mahsulotlariga talab kundan-kunga o‘sib bormoqda. Chunki O‘zbekistonning iqlim sharoitida yetishtirilgan mayiz sifati, foydali xususiyatlari va mazzasi ko‘pchilik iste’molchilarda ijobiy taassurot qoldirgan.
Ma’lumki, iqlimimiz uzum quritish uchun nihoyatda qulay. Issiq yozning davomiyligi, nisbiy namlikning past bo‘lishi, a’lo sifatli mayiz navlarini yetishtirishga, quyoshli ochiq havoda va soyada meva quritish usullaridan keng foydalanishga, kam mablag‘ sarflab, yuqori sifatli mahsulot olishga imkon beradi.
Bugun respublikamizning deyarli barcha viloyatlari tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan mayiz mahsulotlari eksport qilinmoqda. Samarqand viloyati eksportyorlari ham bu borada o‘z mayiz mahsulotlari eksporti bilan jahon bozorida o‘z o‘rniga ega.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2020 yilning yanvar-may oylarida Samarqanddan 13 ming tonnadan ziyod bo‘lgan, 16 million AQSh dollari qiymatiga ega mayiz mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Mayiz mahsulotlarining asosiy bozori BAA, Turkiya, Eron va Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilingan.
Ayni damda Samarqand viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan eskportyorlar tomonidan mayiz eksporti operatsiyalari davom etmoqda. Bu operatsiyalarda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tovarlarni eksportga rasmiylashtirish jarayonini yanada soddalashtirilgan tartibda, tez fursatlarda amalga oshirilishiga yaqindan yordam berilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.