Mayiz brend sifatida jahon bozorida o‘z mavqeiga ega bo‘ladi

Respublikada mavjud mayizbop uzumzor maydonlar va ularda yetishtiriladigan mayizning 65 foizi, shuningdek, umumiy mayiz eksportining 65 foizi Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mayizchilik sohasini tuzilmaviy asosda rivojlantirish maqsadida, Qo‘shrabot tumani bazaviy tuman sifatida belgilandi. "Qo‘shrabot-Agro Star" MChJ tashkil etilib, uning faoliyati Ishtixon, Urgut va Xatirchi tumanlarini qamrab oladi. Ushbu loyihaning investitsion va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi uchun Xalq banki mas’ul etib belgilandi.
Samarqand shahrida viloyat hokimligi, Markaziy bank va Xalq banki hamkorligida O‘zbekistonning mayiz bozoridagi raqobatbardosh o‘rnini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan “O‘zbekiston mayizini dunyoda eng xaridorgir darajaga olib chiqish” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda fermerlar, eksportchilar, davlat idoralari vakillari va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Muloqotda O‘zbekiston mayizining jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi hamda brend sifatida tanilishiga doir muhim masalalar muhokama qilindi.
Brend bo‘lish uchun faqat sifatning o‘zigina yetarli emas. Tizim, qo‘llab-quvvatlash, xalqaro standartlar ham muhim. Samarqandda tashkil etilgan ochiq muloqotda ayni shu masalalar muhokama markazida bo‘ldi.