Pul hamma joyda bor, gap uni topa bilishda
Bu yil qo‘shrabotlik uzum yetishtiruvchi sohibkorlar uchun favqulodda barakali yil bo‘ldi. Yaqin orada tokzorlarda bunday mo‘l hosil yetishtirilmagan edi. Ayni kunlarda tumanning markaziy dehqon bozori uzum va quritilgan mayizning turli-tuman navlari bilan to‘lib-toshgan. Narxlari ham xaridorbop: o‘tgan yillarga qaraganda 1,5-2 hissa arzon.
– Buning boisi shundaki, – izoh berdi tuman hokimi o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Muxtor Quvondiqov, – uzum juda issiqsevar, ayni paytda sug‘orishni xush ko‘radigan noyob o‘simlik. Binobarin, joriy yil juda issiq keldi, biroq obi hayot bo‘lmasa, mo‘l hosil yetishtirish amri mahol. Keyingi yillarda tumanimizda suv chiqarish ishlari davlat tomonidan izchil qo‘llab-quvvatlangani va tadbirkorlarning sa’y-harakatlari tufayli 1000 dan ziyod vertikal sug‘orish quduqlari burg‘ulanib, tokzorlarning suv ta’minoti tubdan yaxshilandi.
Darhaqiqat, tepadan quyosh olov purkab tursa, pastdan obi hayot oqsa, tokzorlarda haqiqiy mo‘’jiza yaratilar ekan. Buni tumanning Saksonchel qishlog‘ida yashovchi sohibkor Faxriddin Eshniyozov o‘zining ish faoliyati va tajribalari misolida yaqqol isbotladi. Aytaylik, bozor to‘la mayiz, bahosi haminqadar: kilosi 15-20 ming so‘m turadi. Faxriddin yetishtirgan mayizlar esa peshtaxtaning guli. Har donasi 5 grammgacha tosh bosadigan bu "supermayiz"larning atigi o‘ntasini yesangiz qorningiz to‘yadi. Shu boisdan xaridorlar uning kilosini 175-180 ming so‘mdan, hech og‘rinmasdan sotib olishyapti.
Ishbilarmon kishilar ”Pul hamma joyda bor, faqat uni topa bilish kerak”, deyishadi. Qahramonimiz pul topish uchun ba’zi tengdoshlariga o‘xshab chet ellardan yoki katta shaharlardan ish qidirmadi, aksincha uni jonajon qishlog‘i, oilasi bag‘ridan uzoqlashmay, oyog‘i ostidan - o‘zining tomorqasidan topdi. Joriy yilda 200 tup tokning har biridan o‘rtachi 500 ming so‘mdan daromad qildi. Bunga qo‘shimcha 100 tup olma daraxtidan 10 tonnadan ziyod sarxil ne’mat ham oldi.
Faxridin dongdor sohibkor va bog‘bonlarning qimmatli ish tajribalarini o‘rganish, maslahatlariga amal qilishdan aslo erinmaydi. Qayerda yangilik bo‘lsa, uni o‘zining tomorqasida sinab ko‘radi. Shu tariqa uning tomorqasida avval gibrid navlar paydo bo‘ldi, keyinchalik esa uzumning “So‘g‘diyona” navini olib kelib payvandtaglarga uladi. U o‘simliklarni qanday va nima bilan oziqlantirish, hashorat va kasalliklarga qarshi kurashish, ko‘chatlarni payvandlash usullarini puxta biladi. Bu ko‘nikmalar tomorqasidagi mevali daraxt va uzumzordan har yili mo‘l-ko‘l hosil olish imkonini beryapti. Oilaning farovon, baxtiyor bo‘lishi uchun mustahkam zamin bu.
Bobo Saroiy,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.