Samarqandda 3 oy davomida yo‘l harakati bilan bog‘liq 50 mingga yaqin qoidabuzarlik bo‘yicha salkam 8 milliard so‘m undirilgan
Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan ushbu davrda 102 ming 283 ta umumiy qoidabuzarliklar, shundan 28 ming 603 ta qo‘pol qoidabuzarliklar, 1994 ta mast haydovchilar, 5 ming 909 ta piyodalar qoidabuzarliklari aniqlangan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan vakolat doirasida bo‘lgan 49 ming 169 ta ma’muriy bayonnoma bo‘yicha huquqbuzarlardan 7 milliard 754 million so‘m jarima undirilgan.
Mazkur ma’lumot viloyat IIB YHXB boshlig‘i F.Shayzakovning xalq deputatlari viloyat Kengashiga taqdim etgan hisobotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, viloyat hududidan o‘tuvchi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga 17 ta statsionar, 6 ta mobil radarlar o‘rnatilgan. Ular yordamida o‘tgan uch oyda 30 ming 473 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 6 milliard 994 million so‘m jarima undirilgan.
Harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmaganligi uchun 14 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Shuningdek, yo‘l xo‘jaligi tashkilotlariga 24 ta, shahar-tuman hokimliklariga 6 ta taqdimnoma kiritilgan.