Samarqandda 58 ming 363 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qildi

Mamlakatimizda joriy yil 1 iyuldan o‘zini o‘zi band qilishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilishi natijasida 67 faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab kishilarga keng imkoniyatlar yaratildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shu paytgacha viloyat soliq idoralarida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tganlar soni 58 ming 363  nafarni tashkil qilmoqda. Fuqarolar bevosita masofadan turib o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tishmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida, ya’ni chorva hayvonlari boqish, qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish, tomorqa egalariga yordam berish singari ishlar bilan o‘zini o‘zi band qilganlar ro‘yxatga olinganlar orasida eng ko‘p - 15 ming 771 nafarni tashkil etmoqda.

Maishiy xizmatlar yo‘nalishi - sartaroshlik, kosmetolog, uyda kir yuvish va dazmollash, kalit tayyorlash, poyabzal tikish, ta’mirlash, bo‘yash va boshqa shu kabi ishlar bilan 14 ming 366 nafar hamyurtimiz shug‘ullanmoqda.

Shuningdek, sanoat (10 ming 378 nafar), xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish (5 ming 173 nafar), ijtimoiy sohalarda xizmat ko‘rsatish (12 ming 36 nafar), AKT sohasida (639  nafarga yaqin) ham ko‘plab fuqarolar faoliyat yuritmoqda.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi, ya’ni 111 ming 500 so‘m miqdorida to‘laydi. Avvalgi tartibga ko‘ra, mazkur to‘lov yiliga 1 million 3 ming 500 so‘mni tashkil etar edi. Ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Shundan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.