O‘zini o‘zi band qilganlar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmaydi va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2020 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha faoliyat turlarining 67 tagacha kengaytirish asosida ro‘yxatga olish tartibi joriy etiladi.
O‘zini o‘zi band qilganlar – bu xizmatlar ko‘rsatishda mustaqil ravishda shaxsiy mehnati bilan ishtirok etadigan, mehnat daromadini olish uchun ish olib boruvchi shaxslar. Bunda ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmaydi va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tishni xohlovchilar buni “Soliq” mobil ilovasidan foydalangan holda yoki jismoniy shaxslarning shaxsiy kabineti orqali masofadan turib, bepul amalga oshirishi mumkin.
“Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tish uchun PINFL (JShShIR)ni kiritish talab etiladi. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning daromadi Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar 2020 yil uchun kamida bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi, ya’ni 111 500 so‘m miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi. Shuningdek, ijtimoiy soliq to‘langan yil bir yillik mehnat stajiga kiritiladi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.