Samarqandda 720 mingdan ziyod to‘lov xabarnomasi chop etilib, soliq to‘lovchilariga yetkazilishi kerak
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq, mol-mulk va yer soliqlarini hisoblab chiqarish hamda to‘lash tartibi o‘zgarganini qayd etish lozim. Ilgarigi tartibga asosan, mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash to‘g‘risidagi to‘lov xabarnomasi fuqarolarga 1 maydan kechiktirmasdan topshirilishi kerak edi. Endilikda bu muddat 1 mart etib belgilandi.
Xo‘sh, Samarqand viloyatida to‘lov xabarnomalarini tarqatish bilan bog‘liq vaziyat qanday?
Viloyat bo‘yicha jami 720958 ta to‘lov xabarnomasi chop etilishi lozim. Shu paytga qadar 707176 ta to‘lov xabarnomasi chop etilib, soliq to‘lovchilarga yetkazilganini ta’kidlash joiz. To‘lov xabarnomalarining qolgan qismi ham belgilangan muddatda soliq to‘lovchilarga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
Shu o‘rinda, soliq to‘lash tartibi ham o‘zgarganini aytish lozim. Avvalgi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar mol-mulk va yer soliqlarini 15 oktyabrga qadar to‘lashi belgilangan edi. Endilikda esa soliqni to‘lash teng ulushlarda 15 aprelga va 15 oktyabrga qadar amalga oshiriladi.
Dilshod ZAYNIYEV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.