“Samarqand lak bo‘yoq” MChJdan nega 2 million 230 ming so‘m undirilishi belgilandi?

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudiga “VIAKIM CHEMICAL” O‘zbekiston-Kanada-Eron qo‘shma korxonasi da’vo ariza bilan murojaat qilib, korxonaga tegishli “801 VIAKIM CHEMICAL ORIGINAL PVA” jamlama belgilar bilan Samarqand shahridagi qurilish do‘konlarida javobgar tomonidan ishlab chiqarilgan yelim mahsulotlari sotilayotganligini bildirgan.

Tovar belgisi bilan almashtirib yuborish darajasida unga o‘xshash bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotishni ta’qiqlash orqali tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarning buzilishini to‘xtatish, noqonuniy ishlatilgan belgilarga ega barcha yorliqlarni ombordagi tovarlardan va savdo tarmog‘idan olib tashlash, yo‘q qilish majburiyatini yuklashni so‘ragan.

“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisi bu bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari va xizmatlarini boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan belgilardir.

Qonunning 20-moddasiga ko‘ra, tovar belgisiga doir guvohnoma tovar belgisi sifatida talabnomada ifodalangan belgi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi faktini, tovar belgisining ustuvorligini va tovar egasining guvohnomada ko‘rsatilgan tovarlarga nisbatan tovar belgisiga bo‘lgan mutlaq huquqini tasdiqlaydi.

Huquq egasiga mutlaq huquq asosida tegishli bo‘lgan intellektual mulk ob’yektlaridan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat huquq egasining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

Sudning ajrimi bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining ishonchli vakili “Samarqand lak bo‘yoq” MChJ tomonidan agentlikka tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha talabnoma topshirilmaganligini, ko‘rib chiqilayotgan nizoli tovar belgilarining o‘xshashligi, u yerda ishlab chiqarilayotgan tovar belgisining umumiy ko‘rish taassuroti, geometrik to‘rtburchak shakllarining tartibli joylashuvi, shrift turi va xarakteri alomatlari bilan adashtirib yuborish darajasida o‘xshashligi aniqlanganligini bildirgan.

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasining 2014 yil 31 iyuldagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, “Samarqand lak bo‘yoq” MChJga MChJ shaklidagi “VIAKIM CHEMICAL” O‘zbekiston-Kanada-Eron qo‘shma korxonasining tovar belgisidan noqonuniy foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarishni to‘xtatish va savdoda bo‘lgan barcha tovarlarni 20 kun muddatda sotuvdan qaytarib olish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Javobgar “Samarqand lak bo‘yoq” MChJ rahbari G.Muhitdinov o‘z tushuntirishida da’vo arizani qisman tan olib, haqiqatdan ham MChJ tomonidan da’vogarning mahsulotiga o‘xshash mahsulot ishlab chiqarilganligini, biroq puli qoplamaganligi sababli o‘xshash mahsulotni ishlab chiqarishni 2014 yilda to‘xtatganligini, bugungi kunda ushbu mahsulot ishlab chiqarilmayotganligini bayon qilgan.

Sud ish holatlari va yuqoridagi qonun talablaridan kelib chiqib, da’vogarning da’vo arizasini to‘liq qanoatlantirishni, sud xarajatlari masalasini muhokama qilib, javobgar “Samarqand lak bo‘yoq” MChJdan da’vogar MChJ shaklidagi “VIAKIM CHEMICAL” O‘zbekiston-Kanada-Eron qo‘shma korxonasi foydasiga 2 million 230 ming 30 so‘m davlat boji va 17 ming 840 so‘m pochta xarajatini undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Da’vogarning da’vo talabi to‘liq qanoatlantirilgan qarorda, shuningdek, “Samarqand lak bo‘yoq” MChJ va qo‘shimcha javobgar “RAXMONOV SHUXRAT CERVICE” MChJga tovar belgisi bilan almashtirib yuborish darajasida unga o‘xshash bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotishni ta’qiqlash orqali tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarning buzilishini to‘xtatish, noqonuniy ishlatilgan belgilarga ega bo‘lgan barcha yorliqlarni ombordagi tovarlardan va savdo tarmog‘idan olib tashlash, tovar belgisi bilan almashtirib yuborish darajasida unga o‘xshash bo‘lgan barcha mahsulotlarni yo‘q qilish majburiyati yuklatildi.

Shuningdek, “Samarqand lak bo‘yoq” MChJdan Oliy sud depozitiga sud majlisi videokonferensaloqa rejimida ko‘rilganligi bilan bog‘liq 55 ming 750 so‘m sud xarajati undirilishi belgilandi.

O‘ktam MURODOV,

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.