Samarqanddagi 16113 korxonaning soliqdan 102 milliard 508 million so‘m qarzi bor
Bu haqda Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 18 maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 20 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’yektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, viloyatdagi 13 ming 135 xo‘jalik yurituvchi sub’yektning 64 milliard 181 million 500 ming so‘mlik soliq qarzini undirish 31 dekabrga qadar uzaytirildi.
Ammo soliq imtiyoz va preferensiyalariga ega bo‘lmagan korxonalar ham borki, ularning qarzini undirish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “Turon building manufagture" mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 1 milliard 37 million so‘mlik soliq qarzi undirildi. Paxtachi tumanidagi “Ziyovuddin textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham byudjet oldidagi 845 million 230 ming 100 so‘mlik soliq qarzidan qutuldi.